Binali Yildirim O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov bilan uchrashdi

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi.

1801050
Binali Yildirim O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi, Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi raisining o‘rinbosari Binali Yildirim bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi  ma’lumotiga, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi.

Ikki Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va ishonchli munosabatlari tufayli investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi faollashgani qayd etildi.

Xususan, o‘tgan 5 yil davomida o‘zaro savdo hajmi 2 barobar oshib, 3,5 milliard dollarga yetgani ta’kidlandi. Yaqin kelajakda O‘zbekiston-Turkiya savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Shu nuqtai nazardan, tomonlar imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini tasdiqlash borasida faol hamkorlik qilib kelmoqda va hujjatni qisqa vaqt ichida imzolashni rejalashtirmoqda.

Investitsiyaviy sheriklik sohasida ham katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Xususan, so‘nggi uch yil ichida Turkiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari hajmi ikki baravar ko‘paydi va 2021 yil oxiriga kelib 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Turk kompaniyalari bilan bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Shu bilan birga, yangi investitsiyaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun "Anadolu Group", "Ekzachibashi", «Medicana», "Ajibadem" kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida transport va logistika aloqalarini mustahkamlash chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi. Yangi, o‘zaro manfaatli logistika yo‘nalishlarini kashf etish, tranzit jarayonlarini soddalashtirish va Tashkilotga a’zo mamlakatlar hududlari orqali yuk tashish hajmini oshirish borasida hamkorlikda ishlash zarurligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, 2026 yilgacha bo‘lgan davrda turkiy davlatlarning transport va infratuzilmaviy rivojlantirish konseptsiyasini ishlab chiqishni jadallashtirish va 2022-2023 yillarda ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha alohida "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning yana bir qator masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida faoliyat yuritadigan Turkiy investitsiya jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini ishga tushirishni jadallashtirish, savdo-sotiqni rivojlantirishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot muassasalari negizida turkiy davlatlar o‘rtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan muhandislik-texnologiya markazlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik qilish, shuningdek, Oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida munosabatlarni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, turkiy mamlakatlarning ishlab chiqaruvchilarini sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish hamda qo‘shma korxonalar, sanoat ko‘rgazmalari, xalqaro va hududlararo biznes forumlarni tashkil etishga jalb qilish maqsadida joriy etilgan "sanoat haftaligi" kabi qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan loyihalar va tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha kelgusida amaliy hamkorlikning yo‘llari belgilandi, shuningdek, boshqaruv va ekspert darajasida yaqin aloqalarni saqlab qolish bo‘yicha kelishuvga erishildi.



Aloqador xabarlar