Olgan Bekar:"Ota yurtimiz O‘zbekiston har bir turkiy insonning qalbida alohida o‘rin tutgan"

O'zbekiston va Turkiya o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganiga 30 yil to'ldi.

1789905
Olgan Bekar:"Ota yurtimiz O‘zbekiston har bir turkiy insonning qalbida alohida o‘rin tutgan"

 

Bugun biz Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlamoqdamiz. Xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy birodarlik rishtalari hamda mushtarak tarix, til, e’tiqod, madaniyat va an’analarimizdan kuch olgan aloqalarimiz bugungi kunda har qachongidan ham yuksak darajaga ko‘tarildi. 

Biz "Qardoshlikka asoslangan strategik sheriklik" deb ta’riflagan aloqalarimizning bugungi darajasi qanchalik quvonarli bo‘lsa-da, zalvorli salohiyatimiz ko‘z oldimizga keltirilganda ikki qardosh davlat sifatida birgalikda hali ko‘p yo‘l bosib o‘tishimiz kerakligini tushunamiz.

Prezidentlarimizning dadil va qat’iy qadamlari tufayli ayniqsa so‘nggi 5 yil ichida erishilgan munosabatlarimizdagi jadal sur’atni saqlab qolish birinchi navbatdagi vazifamizdir.

Binobarin, o‘tgan 30 yillik davrni sarhisob qilib, ushbu tarixiy sanani kelajakka yanada ishonch bilan qadam tashlash uchun bir imkoniyat sifatida ko‘ramiz.

Mushtarak tamaddunimiz unib, ildiz otgan ota yurtimiz – O‘zbekiston har bir turkiy insonning qalbida hamisha alohida o‘rin tutgan. Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Beruniy, Ibn Sino kabi bashariyatning ilmu irfon ufqini yuksaklarga ko‘targan allomalar; Imom al-Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom at-Termiziy, Bahovuddin Naqshbandiy singari asrlar davomida mo‘minlarga yo‘l ko‘rsatgan ulamolar; Alisher Navoiy, Mahmud Koshg‘ariy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi tilimizni oliy maqomga erishtirgan buyuk qalam ahillari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mushtarak qadriyatlardan faqat bir nechtasigina, xolos. 

Turkiya Prezidenti devonining emblemasida tarixdagi buyuk turkiy imperiyalarning timsoli bo‘lgan 16 yulduzdan ikkitasi Temuriylar va Boburiylar davlatlarini aks ettiradi.

O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva singari shaharlari biz uchun ham ajdodlarimizni eslatib turuvchi muqaddas makonlardir. Biz 1920-1922 yillarda olib borgan mustaqillik urushida o‘zbek birodarlarimiz tomonidan ko‘rsatilgan moddiy va ma’naviy yordamlarni hali-hanuz unutganimiz yo‘q. Garchi ikki xalq tarix silsilasida turli tajribalarni boshidan kechirgan bo‘lsa-da, qardoshlik rishtalarimiz azaliy va adabiydir.

1991 yilda O‘zbekiston Respublikasining o‘z mustaqilligini e’lon qilishi Turkiyada katta quvonch va hayajon bilan kutib olindi. Bu xalqlarimiz orasiga tortilgan temir panjaralar bir-birimizni unuttirmagani, aksincha sog‘inchimizni, mehrimizni yanada ziyoda qilganining nishonasidir.

Qardoshligimiz taqozo etganidek, Turkiya davlati O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan oldi. 1992 yil 4 mart sanasida "Turkiya Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Bitim" imzolanishi bilan davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar rasmiy maqomga erishdi. O‘shanda O‘zbekiston hukumati iltifot ko‘rsatib, O‘zbekistonning tarixiy Tashqi ishlar vazirligi binosini elchixonamizga ajratib bergan edi. O‘tgan 30 yil davomida imzolangan ko‘plab xalqaro shartnoma hujjatlari bilan aloqalarimiz mustahkam huquqiy asosga ega bo‘ldi. Bular orasida xususan, 1996 yil 8 mayda marhum Prezidentlarimiz Sulaymon Demirel va Islom Karimovlar tomonidan imzolangan «Abadiy do‘stlik va hamkorlik shartnomasining» alohida o‘rni bor va bugungi kunda ham munosabatlarimizni shakllantirgan hujjatlardan biri bo‘lib qolmoqda. 

Munosabatlarimizda vaqti-vaqti bilan tanaffuslar kuzatilgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning masalan, 2014 yilda BMT Xavfsizlik kengashiga mamlakatimiz nomzodini qo‘llab-quvvatlagani aloqalarimizning mazmun-mohiyati va poydevori o‘zaro ko‘mak va hamkorlikdan iborat ekanligini ko‘rsatadi.

Prezidentimizning 2016 yil 17-18 noyabr kunlari O‘zbekistonga tashrifi bilan ikki tomonlama aloqalarimizda tamoman yangi sahifa ochildi. Prezident janob Mirziyoyevning 2017 yil 25 oktyabrda Turkiyaga amalga oshirgan tashriflari chog‘ida aloqalarimiz "Strategik sheriklik" darajasiga ko‘tarilgan edi. Prezidentimizning 2018 yil 29 aprel – 1 may kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida imzolangan Qo‘shma bayonot bilan ikki davlat o‘rtasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi tashkil etildi va bu bilan strategik hamkorligimiz institutsiyaviy zaminga ega bo‘ldi. 

Prezident janob Mirziyoyevning 2020 yil 19-20 fevral kunlari Turkiyaga amalga oshirgan tashriflari doirasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu tashrif munosabati bilan Prezident janob Mirziyoyev faxriy mehmon sifatida Prezident Milliy kutubxonasining ochilish marosimida ham ishtirok etdilar. 

Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi mexanizmiga qo‘shimcha ravishda Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhi, Qo‘shma iqtisodiy komissiya, Avtomobilda yuk tashuvlari bo‘yicha qo‘shma komissiya yig‘ilishlari va ikki tomonlama tashriflar bilan aloqalarimizdagi sur’at saqlanib qolmoqda. Bugun biz "Qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sheriklik" deb ta’riflayotgan munosabatlarimiz o‘zaro ishonch muhitida har sohada tobora mustahkamlanib bormoqda.

"O‘zaro hurmat va umumiy manfaat" tushunchasi tamaliga asoslangan aloqalarimizning harakatlantiruvchi kuchini savdo-iqtisodiy hamkorligimiz tashkil etmoqda. 2019 yilda 2,3 milliard AQSH dollari ko‘rsatkichi bilan ikki tomonlama savdo hajmi bo‘yicha erishgan rekord natija 2021 yilda yangilanib, 3,6 milliard dollarga yetdi. Biz uchun yana bir quvonarli jihat shundaki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi import va eksport hajmining deyarli tenglashgani bo‘ldi. 

Bu statistik ma’lumotlar savdo aloqalarimizning bir-birini to‘ldirib, qo‘llab-quvvatlovchi mohiyatda ekanligini ko‘rsatadi. 2021 yilda O‘zbekistondagi turk firmalarining soni va turizm statistikamiz pandemiya sharoitlariga qaramay jadal ortib, o‘z tarixidagi eng yuqori darajaga erishganligi Prezidentlarimiz tomonidan belgilab berilgan o‘zaro tijorat yillik hajmining 5 milliard dollarlik marraga yetkazish bo‘yicha maqsadimizga qanchalik yaqinlashganimizni isbotlaydi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p tomonlama va mintaqaviy hamkorlik ham quvonarli darajada. O‘zbekistonning 2019 yilda o‘sha paytdagi nomi bilan Turkiy Kengashga ishtiroki butun Turkiy dunyoning umumiy quvonchi va yutug‘i bo‘ldi. Prezident janob Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 2021 yil 12 noyabrda Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda «Umumiy kengashimiz» Turkiy Davlatlar Tashkiloti nomini olib xalqaro nufuzini oshirdi. Turkiy Davlatlar Tashkiloti bilan bir qatorda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom Hamkorlik Tashkiloti va Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti kabi platformalarda ham umumiy qarashlarimiz doirasida hamkorligimizni davom ettiramiz. 

Biz mintaqaviy masalalar, xususan Markaziy Osiyo xavfsizligi va barqarorligi uchun hayotiy muhim masala sifatida ko‘rayotgan Afg‘oniston bo‘yicha hamjihatlikda harakat qilishda davom etamiz.

Bu yutuqlarning barchasiga, albatta Prezident janob Shavkat Mirziyoyevning oqilona rahnamoligida O‘zbekistonda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli erishildi. Janob Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Harakatlar strategiyasi» doirasida hayotga tatbiq etilgan moliyaviy-ijtimoiy islohotlar bilan bugun O‘zbekiston yanada gullab-yashnagan, yanada erkin va o‘ziga ishongan o‘zlikka erishgani hammaga ma’lum. Shuningdek, janob Shavkat Mirziyoyevning xalqparvar va tashabbuskor tashqi siyosiy qarashlari tufayli O‘zbekistonning xalqaro nufuzi yanada oshdi va yuksalishda davom etmoqda. "Yangi O‘zbekiston"ni barpo etish g‘oyasi ko‘plab mamlakatlar uchun ilhom manbai bo‘lishi kerak bo‘lgan muvaffaqiyat tarixi sifatida tarixdagi o‘z o‘rnini hozirdanoq egallab ulgurdi.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining ham shu muvaffaqiyat tarixining yangi bir bobi bo‘lishiga shubhamiz yo‘q. Turkiya davlati o‘laroq biz Prezident janob Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘ra bilishiga shubhasiz ishonchimiz bilan O‘zbekistondagi islohotlar jarayonini yaqindan kuzatib, qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.

O‘tgan 30 yil davomida to‘plagan tajribamiz va saboqlarimiz tufayli biz qo‘shma qarorlarni tezda qabul qilish imkonini beruvchi mushtarak istiqbolga egamiz. A’lo darajada va jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan aloqalarimizning Prezidentimiz janob Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning yaqinda O‘zbekistonga amalga oshiradigan tashriflari bilan yangi bosqichga ko‘tarilishiga shubhamiz yo‘q.

Barcha sohalarda, xususan siyosat, iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, xavfsizlik, madaniyat, yoshlar, ta’lim, matbuot va insoniy munosabatlar kabi sohalardagi munosabatlarimiz chuqurlashib borayotgani nafaqat bizning xalqlarimizning, balki qo‘shnilarimizning ham farovonligi, tinchligi va barqarorligiga katta hissa qo‘shishiga ishonamiz. O‘zbekistondagi faoliyatim davomida mehmondo‘stligi va mardligiga yaqindan guvoh bo‘lib turganim qardosh o‘zbek xalqini hurmat va ehtirom bilan qutlayman, diplomatik aloqalarimizning 30 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklayman.

 

                                                                                                                                                                                                                                     Olgan Bekar,

                                                                                                                                                                                                              Turkiya Respublikasining 

                                                                                                                                                   O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston , #Olgan Bekar

Aloqador xabarlar