Turkiya oliy o‘quv yurtlari rektorlari Samarqandda

Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi boshchiligidagi delegatsiyaning O’zbekistonga tashrifi doirasida Turkiya hamda Samarqand viloyati oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

1769774
Turkiya oliy o‘quv yurtlari rektorlari Samarqandda

 

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov va Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodov ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari hamkorligining yangi davri boshlanayotganini ta’kidladilar.

- Ota makonimizdagi mislsiz ijobiy o‘zgarishlar bizni juda quvontirmoqda, - dedi Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar. - O‘ylaymanki, biz ham bunda yelkadosh bo‘lib, hamkorlikda ish olib borishimiz kerak. Oliy ta’lim har qanday davlat taraqqiyotini ta’minlaydigan asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida jamiyatdagi barcha sohalar bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, inson resursi, ya’ni malakali kadrlar tayyorlashdek eng muhim vazifa oliy o‘quv muassasalari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Bu jarayonda yuksak salohiyatli, yuqori nufuzli Samarqand davlat universitetining o‘rni alohida. SamDU Turkiyaning yetakchi Istanbul, Anqara, Egey, Marmara universitetlari bilan aloqani yo‘lga qo‘ygan. Bugun ushbu dargoh rahbari janob Rustam Xolmurodov bilan dildan suhbatlashib, talaba va o‘qituvchilar o‘rtasida o‘quv hamda tajriba almashish bo‘yicha kelishib oldik.

O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim muassasalari rektorlari o‘zaro suhbatlar chog‘ida hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etish, birgalikda turli yo‘nalishda ilmiy izlanish olib borishni ma’qulladilar.

– Samarqand va Istanbul universitetlari hamkorligi Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchilar davriga borib taqaladi, - deydi Istanbul universiteti rektori, professor Mahmud AK.

Sentyabr oyida Samarqand davlat universiteti kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tantanalarida ishtirok etgandim. Bu galgi tashrifdan maqsad birdamligimizni yanada kuchaytirish. Ayni jarayonda tashabbus ko‘rsatayotgani uchun SamDU rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman. O‘zbekistonda o‘zbek-turk universiteti tashkil qilinishi hamkorlik aloqalari tarixida yangi sahifa ochishi shubhasiz. Biz O‘zbekistonni, Samarqandni juda yaxshi ko‘ramiz!”,-deydi Istanbul universiteti rektori.


Tanlangan kalimalar: #SamDu , #O'zbekiston , #Turkiya , #Samarqand

Aloqador xabarlar