O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi masalasi muhokama qilindi

O'zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekarni qabul qildi.

1766883
O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi masalasi muhokama qilindi

 

Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama munosabatning sermazmun kun tartibi, jumladan, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalaridagi hamkorlik masalasi muhokama qilindi.

Ishlab chiqilayotgan loyihalar, dastur va tadbirlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Qo‘shma investitsiya loyihalari sonini ko‘paytirish va o‘zaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan choralarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini kelishish yuzasidan olib borilayotgan ishlarni maromiga yetkazishni jadallashtirish bo‘yicha yakdil qarorga kelindi.
Turk investorlarining O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq jihatlar ham tilga olindi. Tomonlar qator masalalar yechimini topish algoritmini muhokama qilib, tegishli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab olishdi. O‘zbekiston tomoni turkiyalik tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlik qilish va yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda ularga tezkor amaliy yordam ko‘rsatishga sodiqligini bildirdi.

Alohida tartibda ikki mamlakatning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini kengaytirish va tranzit salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha reja muhokama qilindi. Ikki davlatni bog‘lovchi transport yo‘lagidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq taklif ishlab chiqish uchun ikki tomon vakillaridan iborat ekspert guruhi tuzish ma’qullandi.

Uchrashuv yakunida yuqoridagi masalalarning joriy holatini o‘rganish va muammolarni hal etishga doir zarur chora-tadbirlar amalga oshirish yuzasidan alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishildi.


Tanlangan kalimalar: #Olgan Bekar , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar