Qozog‘iston bosh vaziri yangi hukumatning birinchi yig‘ilishini o'tkazdi

Yig'ilishda Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev tomonidan berilgan ko'rsatmalarga muvofiq, 3 hafta ichida bajarilishi zarur bo'lgan 2022-yil Harakatlar strategiyasining asosiy mavzulari belgilab olindi.

1761700
Qozog‘iston bosh vaziri yangi hukumatning birinchi yig‘ilishini o'tkazdi

 

Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailov kecha, 12-yanvar chorshanba kungi yangi hukumatning birinchi yig‘ilishini o'tkazdi.

Yig'ilishda Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev tomonidan berilgan ko'rsatmalarga muvofiq, 3 hafta ichida bajarilishi zarur bo'lgan 2022-yil Harakatlar strategiyasining asosiy mavzulari belgilab olindi.

Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailov yig'ilishda Mudofaa vazirligiga qurolli kuchlar va razvedka tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirdi.

Bundan tashqari, Bosh vazir Mudofaa vazirligiga Milliy iqtisodiyot, Sanoat va Moliya vazirliklari bilan birgalikda belgilangan tartibda maxsus kuchlar harbiy xizmatchilarining ish haqini oshirish, harbiy transport vositalari bilan jihozlash masalalarini ishlab chiqishni topshirdi.

Shuningdek, bosh vazir qurol-aslaha muomalasi va diniy ekstremizm tarqalishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.

“Ichki ishlar vazirligi manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda belgilangan tartibda ichki ishlar organlari xodimlarining huquqiy himoyasini oshirish, qurol-aslaha muomalasi va diniy ekstremizm tarqalishi ustidan nazoratni kuchaytirish masalalarini ishlab chiqsin”, – dedi Smailov.

Bosh vazir, shuningdek, ichki ishlar, milliy iqtisodiyot va moliya vazirliklariga bir hafta muddatda “Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya maxsus bo‘linmalarini son va sifat jihatdan mustahkamlash bo‘yicha takliflar”ni hukumatga kiritishni topshirdi.

Smailovning fikricha, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari huquqni muhofaza qilish tizimida amalga oshirilayotgan islohot doirasidagi faoliyatini davom ettirishi kerak.

Bosh vazir Smailov hukumat belgilangan vazifalarni bajarish uchun barcha saʼy-harakatlarini amalga oshirishini taʼkidladi.

Uning taʼkidlashicha, xavfsizlik tashkilotlarini qayta isloh etish va armiyaning mudofaa salohiyatini oshirish boʻyicha ishlar imkon qadar tezroq boshlanadi.

Bajarilgan ishlar Xavfsizlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida baholanadi.


Tanlangan kalimalar: #Qozog'iston , #Alixan Smailov

Aloqador xabarlar