To‘qayev KXSHT tinchlikparvar missiyasi Qozog‘istonni qachon tark etishini ma'lum qildi

To‘qayevga ko‘ra, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tinchlikparvar missiyasi ikki kundan keyin Qozog‘istonni tark etishni boshlaydi. Bu jarayon 10 kunda yakunlanadi.

1760663
To‘qayev KXSHT tinchlikparvar missiyasi Qozog‘istonni qachon tark etishini ma'lum qildi

 

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo’mart To‘qayev bugun, 11 yanvar kuni parlamentda yo‘llagan videomurojaatida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlarning harbiy kuchlari qachon mamlakatni tark etishiga aniqlik kiritdi.

To‘qayevga ko‘ra, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tinchlikparvar missiyasi ikki kundan keyin Qozog‘istonni tark etishni boshlaydi. Bu jarayon 10 kunda yakunlanadi.

“Qozog‘istonning barcha hududlarida vaziyat barqaror, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining asosiy vazifasi muvaffaqiyatli yakunlandi”, -deydi prezident o’z nutqida.

Ma’lumki, joriy yilning 6 yanvar kuni Qosim-Jo’mart To‘qayev favqulodda Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, mamlakatda boshlangan namoyishlar ortidan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan yordam so’ragandi.

Prezident ushbu qarorni shunday izohlaydi. 

“Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti kontingentini mamlakatga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilmaganimizda, biz Olma-ota ustidan nazoratni butunlay yo‘qotishimiz mumkin edi”, -deydi To‘qayev. 

Qozog‘istonning chaqiruvi ortidan Kollektiv Xavfsizlik Kengashi qarori bilan Qozog‘istonga 2 ming 300 askar va 250 ta texnika yuborildi.

Tashkilotda asosiy tashabbuskor bo‘lgan Rossiya Qozog‘istonga 3 ming nafar harbiy xizmatchi kiritdi. Belarusdan 500 nafar,  Qirg‘izistondan 150 nafar harbiy xizmatchi Qozog’istondagi voqealarni bostirishga yordam berdi. 

Tojikiston esa ushbu namoyishlarni bostirish jarayonida 200 askari bilan ishtirok etdi. 



Aloqador xabarlar