Alixan Smoilov Qozog‘iston bosh vaziri etib tayinlandi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakat yangi bosh vazirini tayinlash haqidagi farmonni imzoladi.

1760478
Alixan Smoilov Qozog‘iston bosh vaziri etib tayinlandi

 

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo’mart To‘qayev bugun, 11 yanvar kuni Alixan Smoilovni Qozog‘iston Bosh vaziri etib tayinladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi. 

“Smailov Alixan Asxanovich Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri etib tayinlansin”, deyiladi hujjatda. 

Avvalroq, parlament quyi palatasi uning nomzodini ma’qullagan edi. Yig‘ilish “Xabar-24” telekanali orqali namoyish etildi. To‘qayev parlamentda videomuloqot orqali so‘zga chiqib, deputatlarga hukumat rahbari lavozimiga Smoilov nomzodini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Smoilovning bosh vazirlikka nomzodini 89 deputat qo‘llab-quvvatladi. 

5 yanvar kuni noroziliklar kuchayib borayotgan bir paytda To‘qayev Asqar Mamin boshchiligidagi hukumat iste’fosini qabul qilgandi.

O‘shandan beri vazirlar yangi Vazirlar Mahkamasi tayinlangunga qadar vazifasini bajaruvchi maqomida ishlashda davom etishdi. Natijada Asqar Mamin o‘rniga Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Alixan Smoilov Bosh vazir etib tayinlandi.

50 yoshda bo’lgan Smoilov 2020 yil may oyidan beri Qozog‘iston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

U shu kungacha Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Qozog‘iston Moliya vaziri, Prezident o’rinbosari lavozimlarida ishlagan. 

Qozog’iston qonunchiligiga ko‘ra, Bosh vazir yangi hukumat tuzilmasi va tarkibi bo‘yicha takliflarni o‘zi tayinlanganidan keyin o‘n kun muddatda Prezidentga havola qiladi. Parlament quyi palatasi qo‘mitalari yig‘ilishlarida deputatlar bir qator ixtisoslashgan vazirlar nomzodlarini kelishib olishlari talab qilinadi.

Smoilov ovoz berishdan keyin bosh vazir sifatida birinchi nutqini so’zladi. U  so’zlagan nutqida Prezident To’qayev va uning o‘rinbosarlariga mana shunday murakkab paytda unga ishonch bildirgani uchun minnatdorlik bildirdi.

O'zining asosiy vazifasi mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va inflyatsiya darajasini pasaytirish ekanligini ta'kidlagan Smailov: “Fuqarolarning barcha rasmiy murojaatlari hisobga olinadi va amalga oshiriladi”,- dedi.

 



Aloqador xabarlar