To‘qayev Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan muloqot qildi

Sharl Mishel Qozog‘iston bilan hamkorlik muhimligini, shuningdek, Yevropa Ittifoqining inson huquqlari va erkinliklari doirasida mamlakat suvereniteti, xavfsizligi va barqarorligini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

1760307
To‘qayev Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan muloqot qildi

 

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev kecha, 10-yanvar kuni Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan videokonferensiya orqali muloqot qildi.

Muloqot chog'ida Qozog‘istonda ro'y berayotgan hodisalar muhokama qilindi.

To‘qayev tartibsizliklarda xorijlik terrorchilar qatnashganini ma'lum qilar ekan, hodisalarni tajovuzkorlik akti deb atadi.

"Bu Qozog‘istonga qarshi xorijlik, asosan Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Afg‘onistondan bo‘lgan jangarilar ishtirokidagi yaxshi tashkillashtirilgan va tayyorlangan tajovuzkorlik akti. Shuningdek, Yaqin Sharqdan ham jangarilar bo‘lgan",- deb aytgan Qozog‘iston prezidenti.

Qozog‘iston prezidenti hujumlardan maqsad mamlakatda boshboshdoqlikni vujudga keltirish va hokimiyatni ag‘darish bo‘lganini ta’kidladi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu bois respublikada kontrterror operatsiyasi o‘tkazishga qaror qilingan.

To‘qayevning ta’kidlashicha, KXShT tinchlikparvar kuchlari jangovar harakatlarda ishtirok etmaydi.

"Ular Qozog‘istonda vaziyat to‘liq barqarorlashguniga qadar mamlakatda bo‘lib turishadi",- dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel o'z navbatida Qozog'istonni qo'llab-quvvatlashini ma'lum qilgan.

U ommaviy tartibsizliklarda ko'plab insonlarning halok bo'lganligi munosabati bilan Qozog'iston hukumati va xalqiga hamdardlik bildirgan.

Mishel Qozog‘iston bilan hamkorlik muhimligini, shuningdek, Yevropa Ittifoqining inson huquqlari va erkinliklari doirasida mamlakat suvereniteti, xavfsizligi va barqarorligini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Eslatish joizki, Qozog‘istonda 2 yanvar kuni suyultirilgan gaz narxining keskin oshishi va mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi sababli norozilik namoyishlari boshlandi.

Tobora avj olgan namoyishlar ortidan 5 yanvar kuni, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi.

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati davom etmoqda.

 



Aloqador xabarlar