To‘qayev mamlakatdagi tartibsizliklarni davlat to‘ntarishiga urinish deb baholadi

Prezident bu haqda Qozog‘iston tashabbusi bilan chaqirilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining onlayn sammitida tilga oldi.

1760023
To‘qayev mamlakatdagi tartibsizliklarni davlat to‘ntarishiga urinish deb baholadi

 

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To‘qayev mamlakatdagi tartibsizliklarni davlat to‘ntarishiga urinish deb baholadi.

Prezident bu haqda Qozog‘iston tashabbusi bilan chaqirilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining onlayn sammitida tilga oldi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi tartibsizliklarga ko‘pdan beri tayyorgarlik ko‘rilgan. Mamlakatdagi boshboshdoqliklar to‘lqini “bir buyruq asosida” paydo bo‘lgan.

Mamlakat rahbari Qozog‘istondagi buzg‘unchi tuzilmalar qurol-yarog‘ va harbiy texnikani egallab olishga urinayotganini aytgan. Shuningdek, u Qozog‘istonda huquq-tartibot idoralarining 16 nafar xodimi halok bo‘lganini, tinch aholi orasidagi qurbonlar soni aniqlanayotganini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, To‘qayev Qozog‘istondagi tartibsizliklarda terrorchilar, jumladan, xorijiy jangarilar bevosita ishtirok etayotgani hamda ikki askarning boshi kesilganini e’lon qilgan.

Prezident, shuningdek Qozog‘iston keyinroq dunyoga terroristik tajovuzga tayyorgarlik ko‘rganiga oid dalillarni taqdim etishini alohida ta’kidlagan.

“Hokimiyat tinch aholiga qarshi urush ochmagan va bo'lmaydi ham”,-deb qo’shimcha qilgan mamlakat prezidenti.

Rossiya yetakchiligidagi blok Qozogʻistonga 230 askar va 250 ta harbiy texnika joʻnatganini maʼlum qilgan Tokayev: “Rossiya yetakchiligidagi blokning qadamlarining qonuniyligiga baʼzi tomonlarning shubhalari maʼlumotlarning etishmasligidan kelib chiqadi. Blok bilan keng ko‘lamli aksilterror operatsiyasi tez orada tugaydi”,- dedi.

To‘qayev ertaga, 11 yanvar seshanba kuni hukumatning yangi tarkibi bo‘yicha takliflar kiritishini e’lon qilgan.

“Yanvarning bir necha kuni davomida Qozog‘iston keng ko‘lamli inqirozni boshidan kechirdi. Bu butun mustaqillikning o‘ttiz yillik tarixidagi eng og‘ir inqirozga aylandi”, -deb aytgan To‘qayev. 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi.

Tobora olovlangan namoyishlar ortidan 5 yanvar kuni, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi.

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati davom etmoqda.

Namoyishchilar jamoat binolarini egallab, qurol ishlatar ekan, Nur Sulton ma’muriyati xavfsizlik kuchlariga operatsiya qilishni buyurdi.

“Terrorchilar hali ham qurol ishlatishda va fuqarolarning mulkiga zarar yetkazishda davom etmoqda”, — dedi To’qayev. U 7 yanvar kuni mamlakatning barcha hududlarida konstitutsiyaviy tuzum tiklanganini taʼkidlagandi.

 

 



Aloqador xabarlar