Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisligini o‘z ixtiyori bilan To'qayevga topshirgan

"Xavfsizlik Kengashi boshqaruvi Nazarboyevdan tortib olinmagan yoki uni iste’fo berishga majbur qilinmagan. Aksincha, Nazarboyev o‘z xohishiga ko‘ra boshqaruvni To‘qayevga ishonib topshirgan",-Prezident Matbuot kotibi Aydos Ukibay.

1759749
Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisligini o‘z ixtiyori bilan To'qayevga topshirgan

 

Qozog‘istonda namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi raisligi Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyevdan amaldagi davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayevga o‘tdi. Xavfsizlik Kengashi boshqaruvi Nazarboyevdan tortib olinmagan yoki uni iste’fo berishga majbur qilinmagan. Aksincha, Nazarboyev o‘z xohishiga ko‘ra boshqaruvni To‘qayevga ishonib topshirgan.

Bu haqda sobiq Prezidentning Matbuot kotibi Aydos Ukibay ma’lum qilmoqda. 

Uning ta’kidlashicha, Nazarboyev Qozog‘istondagi voqealar paytida Nur Sultonda bo‘lgan va Prezident To’qayevni qo‘llab-quvvatlagan.

“Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Birinchi Prezident haqida ko‘plab yolg‘on mish-mishlar,  rovokatsion yozishmalar tarqalmoqda. Hozirgi sharoitda biz bunday faoliyatni siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish va davlatning konstitutsiyaviy asoslariga putur yetkazishga urinish sifatida baholaymiz.  

Avval aytganimdek, Elboshi shu kunlarda Nur-Sultonda bo‘lib, davlat rahbarini qo‘llab-quvvatladi. Biroq, vaziyat juda og‘ir edi va shuning uchun Elboshining o‘zi Xavfsizlik Kengashi raisi lavozimini Prezidentga topshirishga qaror qildi, chunki u tartibsizliklar va terror mamlakat rahbariyatidan tezkor, qat’iy va murosasiz javob berishni talab qilishini yaxshi bilardi. 

Elboshi va Davlat rahbari hamisha “barrikadalarning bir tomonida” bo‘lib, o‘z xalqi, mamlakati va millat kelajagini himoya qilib kelgan. Va barchamiz uchun og‘ir kunlarda ular yana bir bor monolit davlat hokimiyatini namoyish etdilar”, -deb yozadi Nazarboyevning Matbuot kotibi.

Ma’lumot uchun, sobiq Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng 1991-yilda mustaqillikka erishgan Qozog‘istonning birinchi prezidenti etib saylangan Nursulton Nazarboyev 2019-yilning martiga qadar o‘z vazifasini Qosim-Jo’mart To’qayevga topshirgunga qadar o‘z lavozimida qoldi.

Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik Kengashi raisi lavozimida ishlashda davom etdi.

Qozog‘istonda 2 yanvar kuni boshlangan namoyishlar ommaviy tartibsizliklar va xavfsizlik kuchlari bilan namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga aylanganidan so‘ng, To’qayev Xavfsizlik Kengashi raisligiga o‘tganini e’lon qildi.


Tanlangan kalimalar: #Qozog'iston , #Nursulton Nazarboyev

Aloqador xabarlar