Qozog‘istondagi tartibsizliklar vaqtida 5 mingdan ortiq kishi qo‘lga olindi

Respublika IIV ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo'ylab qo'lga olinganlar soni 5 ming 135 nafarga yetgan, norozilik namoyishlari chog'ida jamoat va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish vaqtida yaralangan xavfsizlik kuchlari soni 1 ming 300 dan ortiq.

1759738
Qozog‘istondagi tartibsizliklar vaqtida 5 mingdan ortiq kishi qo‘lga olindi

 

Qozog‘istondagi namoyishlardan keyin boshlangan tartibsizliklar vaqtida 5 ming 135 kishi qo‘lga olingan. Bu haqda Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.

Respublika IIV ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo'ylab qo'lga olinganlar soni 5 ming 135 nafarga yetgan, norozilik namoyishlari chog'ida jamoat va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish vaqtida yaralangan xavfsizlik kuchlari soni 1 ming 300 dan ortiq.

Og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan 134 kishi vaqtincha saqlash uchun izolyatorlarga joylashtirilgan. Yana 516 kishi ma’muriy ish doirasida hibsga olingan. 

Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi chegara hududlarda Qozog‘istonni piyoda yoki avtomashina orqali tark etmoqchi bo‘lgan 300 nafar  kishi qo‘lga olingani haqida xabar bergan. Ularning ko‘pchiligidan qurollar va valutalar musodara qilingan.

"Ayni paytda mamlakatda xavfsizlik va tartibni saqlash maqsadida aksilterror operatsiyasi davom etmoqda. Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida vaziyat barqarorlashgan. Ilgari egallab olingan mahalliy hokimiyat organlarining barcha binolari ozod qilindi",-deyiladi Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi bayonotida.

8 yanvar kuni Qozog‘iston IIV namoyishlar boshlanganidan buyon qo‘lga olinganlar soni 4266 kishini tashkil etayotganini va  ular orasida qo'shni davlat fuqarolari ham borligi xabar qilindi.

Yanvar oyi boshida Qozog‘istonda suyultirilgan gaz narxi oshishiga norozilik sifatida namoyishlar boshlandi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar to‘lqini butun respublikaga yoyildi, eng jiddiy voqealar Olmaotada bo‘lib o‘tdi. Bu orada Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqarildi, mamlakatda favqulodda holat rejimi va komendantlik soati joriy etildi. Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar kuchlari yuborildi.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Qozog'iston

Aloqador xabarlar