Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga kirdi

KXSHT Kollektiv tinchlikparvar kuchlarining asosiy vazifalari muhim davlat va harbiy ob’ektlarini qo‘riqlash, Qozog‘iston Respublikasining huquq-tartibot kuchlariga vaziyatni barqarorlashtirish va uni huquqiy maydonga qaytarishda yordam berishdan iborat.

1758138
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga kirdi

 

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga jo‘natildi.

Rossiya kontingentining ilg‘or bo‘linmalari o‘z vazifalarini bajarishga kirishdi. Bu haqda KXSHT kotibiyatida jurnalistlarga ma'lum qilingan.

“KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashining 2022 yil 6 yanvarda qabul qilingan qaroriga muvofiq, Qozog’istondagi vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish uchun Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining Kollektiv tinchlikparvar kuchlari cheklangan muddatga Qozog‘iston Respublikasiga yuborildi”, -deyiladi xabarda. 

Ularning ta’kidlashicha, tinchlikparvar kontingentning Rossiya qismining ilg‘or bo‘linmalari vazifalarni bajarishga kirishgan. 

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, tinchlikparvar kuchlar tarkibi Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston Qurolli Kuchlari bo‘linmalaridan tashkil topgan.  

“KXSHT Kollektiv tinchlikparvar kuchlarining asosiy vazifalari muhim davlat va harbiy ob’ektlarini qo‘riqlash, Qozog‘iston Respublikasining huquq-tartibot kuchlariga vaziyatni barqarorlashtirish va uni huquqiy maydonga qaytarishda yordam berishdan iborat bo‘ladi”, deyiladi KXSHT bayonotida. 

Ta’kidlanishicha, Rossiya Havo-desant kuchlari Qozog‘istonga yuborilgan KXSHT tinchlikparvar kuchlari tarkibiga kirgan, Aerokosmik kuchlar samolyotlari ularni Respublikaga olib kelgan. 

Avvalroq, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritishi haqida xabar bergandik. 

Eslatma: Qozog‘istonda norozilik namoyishlari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shilgan.

Namoyishlar fonida 5 yanvar kuni Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi.

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.


Tanlangan kalimalar: #Qozog'iston

Aloqador xabarlar