Shavkat Mirziyoyev MDH norasmiy sammitida ishtirok etdi

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlari yangi turdagi koronavirus (Covid-19) pandemiyasiga qarshi kurash ustidan norasmiy sammit uyushtirdi.

1754164
Shavkat Mirziyoyev MDH norasmiy sammitida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 28-dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasining Prezidentlik apparati Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ushbu ma’lumotga ko‘ra sammitda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham ishtirok etgan.

Uchrashuvda joriy yilgi hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi 2022-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilingan. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan.

Pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish va epidemiologik xavfsizlikni ta’minlashda yaqin hamkorlikni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Mirziyoyev MDHni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritar ekan, asosiy e’tiborni uchta: siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikka qaratishni taklif qilgan.

Shuningdek MDH makonida to‘laqonli erkin savdo zonasini shakllantirish va transport bog‘liqligini mustahkamlash muhim ekanini ta’kidlab o‘tgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zlari davomida ishtirokchilar e’tiborini global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda barqaror “yashil” taraqqiyotga qaratilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratgan.

Oziq-ovqat xavfsizligini a’zo davlatlar iqtisodiyotlarining raqobatli ustunliklari va bir-birini to‘ldirib turishidan foydalangan holda ta’minlash masalalarini hal qilishga doir yangi yondashuvlar ishlab chiqish dolzarb ekanini qayd etgan.

Ma’lumotga ko‘ra keyingi yillarda O‘zbekiston Hamdo‘stlik faoliyatidagi ishtirokini faollashtirgan. Shu doirada 40 dan ziyod ko‘p tomonlama bitimni imzolab, tashkilotning 23 ta organiga qo‘shilgan. O‘tgan yilda O‘zbekiston ilk bor MDHga raislik qilgan.

2021-yilda O‘zbekistonning Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi o‘ttiz foizdan ziyodga oshib, qariyb mingta qo‘shma korxona tashkil etilgan.

Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida O‘zbekistonning MDH doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlab, sammit ishtirokchilari va ular orqali birodar xalqlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklagan.

 



Aloqador xabarlar