O‘zbekiston Prezidenti saylovi Turkiya OAV diqqat markazida

Turkiyaning "Xaber Turk" nashri o‘z veb-saytida "Yangi O‘zbekiston va yangicha ovoz berish kuni" sarlavhali maqola e’lon qildi.

1724586
O‘zbekiston Prezidenti saylovi Turkiya OAV diqqat markazida

 

Bozok universiteti professori Kurshod Zorlu qalamiga mansub ushbu materialda kecha, 24 oktyabr kuni O‘zbekistonda o‘tkazilgan  Prezident saylovi jarayoni va mamlakatdagi so‘nggi o‘zgarishlar batafsil bayon etilgan.

"So‘nggi tashrifimda Toshkentning juda o‘zgarganiga guvoh bo‘ldim. Yangi barpo etilgan biznes markazlari, mehmonxonalar, turar-joylar insonning ko‘zini qamashtiradi. Hammayoq yam-yashil, orasta va toza... Saylov bilan bog‘liq o‘zbeklar foydalanadigan va menga juda yoqadigan bir ibora – “ovoz berish”", - deya ta’kidlaydi muallif.

Maqolada O‘zbekiston Turkiya va turkiy dunyo uchun juda muhim davlat ekani e’tirof etilgan.  Nashrga ko‘ra, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon kabi shaharlar – tamaddun beshigi hisoblanadi

Bozok universiteti professori o‘z maqolasida O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo bo‘lishi va tashkilotdagi o‘rni haqida ham fikr yuritgan.  O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo bo‘lishi Transkaspiy yo‘nalishdagi hamkorlikni faollashtirish barobarida, Turkiya va Vengriya bilan munosabatlarni yanada jadallashtirdi, deya qayd etadi muallif.

"Markaziy Osiyoning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan O‘zbekistonning turkiy dunyoga yaqinlashuvi boshqa davlatlar uchun ham foydali bo‘ladi. O‘zbeklarda "Kuch birlikda" degan naql bor. Ya’ni, oddiy qilib aytganda “hamkorlikda ishlar yanada oson hal bo‘ladi", deyiladi maqolada.

Maqolada O‘zbekistonda Prezident 5 yil muddatga saylanishi va qonunga ko‘ra, o‘zbek tilini yaxshi biladigan, 35 yoshga to‘lgan, so‘nggi 10 yil davomida mamlakatda doimiy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarolari nomzod bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar o‘quvchilar e’tiboriga havola etilgan.

"Saylovning eng muhim jihatlardan biri - bu aholi faolligidir. Saylovchilarning yuqori darajadagi ishtiroki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashuviga xizmat qilishi aniq", - deb yozadi  Kurshod Zorlu.


Tanlangan kalimalar: #saylov , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar