O‘zbek olimining tadqiqoti Turkiy kengash tomonidan nashr etildi

Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy Kengash tomonidan ulug‘ tilshunos Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘ati-t-turk” asari chop ettirildi. Kitobni o‘zbek turkologi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Qosimjon Sodiqov nashrga tayyorladi

1718602
O‘zbek olimining tadqiqoti Turkiy kengash tomonidan nashr etildi

 

Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy Kengash tomonidan ulug‘ tilshunos Mahmud Koshg‘ariyning “Turkiy so‘zlar devoni” (“Devonu lug‘ati-t-turk”) asari chop ettirildi. Kitobni o‘zbek turkologi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining professori Qosimjon Sodiqov nashrga tayyorlagan.

Kitob taqdimoti Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Turkiy kengash kotibiyati, Istanbul va Marmara universitetlari hamkorligida tashkil etilgan “Mahmud Koshg‘ariyning ilmiy merosi va uning uchinchi mingyillik turkologiyasi rivojidagi o‘rni” mavzuidagi xalqaro konferensiya doirasida Turkiyaning eng nufuzli Istanbul universitetida o‘tkazildi. Taqdimotda sohaning yetakchi olimlari, keng ilmiy jamoatchilik ishtirok etdi.

Asarning yangi nashri shu choqqacha yaratilgan o‘zbekcha, qolaversa, turkologiya dunyosida amalga oshirilgan boshqa nashrlardan ajralib turadi. Kitobda kirish, “Devonu lug‘ati-t-turk”ning to‘liq matni, shuningdek, asarda ishlatilgan arabcha grammatik atamalarning izohi va Mahmud Koshg‘ariy keltirgan Yer yuzi xaritasining o‘qilishi hamda talqini keltirilgan.

Asarning yangi nashri mutaxassis olimlarga mo‘ljallab yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Kitobdan filologlar, tarixchilar, manbashunoslar va boshqa fan tarmog‘i kishilari o‘z ilmiy izlanishlarida foydalanishi mumkin.

Tanlangan ilmiy transkripsiya lotin alifbosi negizida bo‘lib, eski turkiy til, birinchi galda, qoraxoniylar davri yozma adabiy tili va o‘sha davr turkiy shevalarining fonetik xususiyatlarini o‘zida yaxshi aks ettirib turadi. “Devonu lug‘ati-t-turk” uchun tanlangan ushbu transkripsiya ko‘pchilik turkologlar tarafidan e’tirof etilmoqda.

Yana bir jihati, Mahmud Koshg‘ariy keltirgan fan tarmoqlariga tegishli atamalar berilganda ham yonida arabcha varianti bilan birga keladi. Yana asardagi joy  nomlari va inson otlari arabcha yozuvli shaklida transkripsiyasi bilan birga berilgan.   Bularning bari mutaxassislar uchun juda asqatadi.

Bizgacha “Devonu lug‘ati-t-turk”ning yagona qo‘lyozmasi yetib kelgan. Nashr ana shu qo‘lyozma asosida yaratildi. Qizig‘i shundaki, Mahmud Koshg‘ariy turkiy misollarni keltirar ekan ayrim so‘zlarga bir paytning o‘zida ikki xil harakat belgisini qo‘yib ketgan. Ko‘pchilik nashrga tayyorlovchilar bu o‘rinda kotib yanglishib ketgan bo‘lsa kerak, degan o‘y-fikrda ularning birini asosga olib, ikkinchisini qoldirib ketganlar. Q.Sodiqovning yutug‘i shundaki, u so‘zning har ikkala harakatli variantini kesish chizig‘i bilan keltirib o‘tgan: qo‘n / qo‘y – “qo‘y” singari. Uningcha, qo‘lyozmada bir so‘zga qo‘shaloq harakatning qo‘yilgani kotibning yanglishgani emas, Koshg‘ariy bunday o‘rinlarda so‘zning turli shevalardagi talaffuzini ko‘zda tutgan edi. Kitobdan foydalanayotgan mutaxassis so‘zning har ikkala variantini ko‘rib turadi va bu misollarga tayanib chiqargan xulosasining ko‘lami ham kengayadi.

Mahmud Koshg‘ariy o‘z asarida Yer yuzi xaritasini ham keltirgan. Ushbu xaritaning ko‘rinishi kitob ichida keltirilgan geografik ma’lumotlarga teng keladi. Ushbu yangi nashrning qulayligi shundaki, kitob yakunida ana shu xaritadagi arabcha bitilgan geografik otlarning o‘qilishi, xaritaning ilmiy tahlili ham keltirilgan. Asarning Q.Sodiqov tayyorlagan nashrida turkiy misollarning berilishi va ularning talqinlarida ham turkologiyaning so‘nggi yutuqlari sezilib turadi.

Ushbu nashr dunyo turkshunoslikda o‘zbek olimlarining ilmiy ishlariga e’tibor oshayotganidan, o'zbek olimlarining tadqiqotlaridan dunyo turkologiyasi mutaxassislari keng foydalanayotganidan dalolat beradi.



Aloqador xabarlar