Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Afgʻoniston rahbariyati vakillari bilan muzokara oʻtkazdi

Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Afgʻoniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi Afgʻoniston rahbariyati vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi.

1716924
Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Afgʻoniston rahbariyati vakillari bilan muzokara oʻtkazdi

Kecha, 2021-yilning 7-oktabri kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Afgʻoniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi Afgʻoniston rahbariyati vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqida, vazirlikning matbuot xizmati, oʻzining rasmiy veb-saytida ma’lumot tarqatdi.

Ushbu ma’lumotga koʻra uchrashuvda Afgʻoniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari A.Hanafiy, transport va fuqaro aviatsiyasi, umumiy ishlar, energetika va suv resurslari vazirlari ham ishtirok etgan.

Tashqi Ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amirxon Muttaki bilan alohida muzokaralar olib borilgan.

Tomonlar mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afgʻoniston xalqiga gumanitar va boshqa turdagi yordam koʻrsatish boʻyicha sa’y-harakatlar shuningdek, mamlakatda energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilganlar.

Afgʻoniston muvaqqat hukumati a’zolari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga afgʻon xalqining orzu-intilishlariga qaratayotgan ulkan e’tibori, oziq-ovqat inqirozining oldini olishda koʻrsatgan yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.

Afgʻoniston tomoni Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston yangi hokimiyati bilan konstruktiv va oʻzaro maqbul muloqot oʻrnatishga qaratilgan siyosatini shuningdek, xalqaro hamjamiyatga Afgʻonistonning xorijdagi muzlatilgan aktivlariga nisbatan qoʻyilgan cheklovni olib tashlash chorlovini yuqori baholagan.

Afgʻoniston delegatsiyasi a’zolari Oʻzbekiston hukumatiga “Mozori-Sharif” xalqaro aeroporti faoliyatini tiklash, Oʻzbekiston – Afgʻoniston chegarasining uzluksiz ishlashi, u orqali mamlakatga doimiy ravishda oziq-ovqat va boshqa turdagi birlamchi tovarlar yetkazib berishdagi koʻrsatilayotgan yordam uchun chuqur minnatdorlik bildirgan. 

Tomonlar yaqin orada Termiz shahrida savdo-iqtisodiy masalalarini jumladan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmoqlari va “Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” yoʻnalishi boʻylab temir yoʻl qurish loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun qoʻshma muzokaralar oʻtkazish toʻgʻrisida kelishib olganlar. 

Afgʻoniston tomoni ushbu loyihalarni amalga oshirishga jalb qilingan oʻzbekistonlik mutaxassislarning xavfsizligini ta’minlashga tayyorligini ma’lum qilgan.

Birodar Oʻzbekiston xavfsizligiga Afgʻoniston hududidan hech qanday tahdid boʻlmasligi rasmiy Kobul tomonidan qat’iy bildirilgan. 

 



Aloqador xabarlar