"Business Turk" jurnalining yangi soni O‘zbekistonga bag‘ishlandi

Turkiyada chop etiladigan nufuzli "Business Turk" jurnali tahririyati bilan hamkorlikda mazkur nashrning "Yangidan uyg‘onish: O‘zbekiston mustaqilligining 30-yilida" nomli maxsus soni chop etildi.

1705163
"Business Turk" jurnalining yangi soni O‘zbekistonga bag‘ishlandi

 

Turkiyada chop etiladigan nufuzli "Business Turk" jurnali tahririyati bilan hamkorlikda mazkur nashrning "Yangidan uyg‘onish: O‘zbekiston mustaqilligining 30-yilida" nomli maxsus soni chop etildi.

Maxsus sonning kirish qismi "Oltin qalam" XV milliy mukofoti sovrindori, jurnal bosh muharriri M.Ruzubayning quyidagi fikrlari bilan boshlangan: "O‘zbekistonning madaniy va maʼnaviy merosisiz Turk dunyosining tamaddun tarixini tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu maʼnoda O‘zbekistonning boy madaniy-maʼrifiy merosini bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari ardoqlab, barchamizni g‘ururlantiruvchi muvaffaqiyatlar bilan yangidan yuzaga chiqarmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat ichida va tashqi munosabatlarida amalga oshirayotgan ulkan o‘zgarishlari, tinchliksevar va insonparvar islohotlari xalqqa huzur-halovat, mamlakatga farovonlik olib kelmoqda va nafaqat O‘zbekiston, balki qardosh Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon va Turkiya ahlini ham benihoya xursand qilib, mamnuniyat bag‘ishlamoqda. Binobarin, "Business Türk" jurnali jamoasi o‘laroq, qardosh O‘zbekiston mustaqilligining 30-yilida qo‘lingizdagi ushbu maxsus sonni tayyorlash ham bizga katta hayajon va sharaf bag‘ishladi. Ota yurtimiz O‘zbekiston istiqloliga bag‘ishlab bunday jurnalni tayyorlash – biz uchun katta baxtdir. Ushbu nashr odatdagi maxsus son emas, balki tarixiy manba bo‘lib qoladi, deb ishonaman".

Maxsus sonning taqdimot so‘zi O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Aʼzamxodjayev qalamiga mansub.

"Albatta, bu yil O‘zbekiston istiqlolining 30 yilligi qutlanmoqda. Bu davlatimiz uchun benihoya muhim bir sana, deya qayd etadi elchi. O‘zbekiston bugun mustahkam oyoqqa turgan, xalqaro maydonda o‘z so‘zi va obro‘-eʼtiboriga ega bir mamlakatdir. Bundan 30 yil avval O‘zbekistonning mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat Turkiya bo‘lgan edi. Turkiya O‘zbekiston uchun hayotiy ahamiyatga ega qadam tashlagan edi. Shuning uchun bugun biz Turkiyaning shunday jasoratli va birodarona qarorini behad olqishlaymiz va katta mamnuniyat bilan xotirlaymiz. Bir fikrni komil ishonch bilan ayta olmanki, oradan yillar o‘tadi, O‘zbekiston mustaqilligining 40, 50 va, inshoolloh, 100 yilligi nishonalanadi va Turkiyaning o‘sha tarixiy qadami mudom ehtirom ila eʼtirof etilaveradi".

48 sahifadan iborat bo‘lgan jurnalning mazkur maxsus sonida O‘zbekiston davlat tizimi, jo‘g‘rofiyasi, tarixi, iqtisodiyoti, sayyohlik salohiyati haqida atroflicha maʼlumot berilgan, O'zbekistonning har bir viloyatining o‘ziga xos xususiyatlari, iqtisodiy imkoniyatlari haqida ham batafsil fikr yuritilgan.

"Mustaqil O‘zbekiston" deb nomlangan bo‘limda O'zbekistonning davlat ramzlari, Konstitutsiyasi, milliy valyutasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va dunyo davlatlari bilan aloqalari haqidagi materiallar o‘rin olgan. Aksariyat maqolalarda O‘zbekiston bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida "Yangi O‘zbekiston – uchinchi Renessans" g‘oyasi yo‘lida azmu shijoat bilan olg‘a odimlayotgani taʼkidlangan.

Nashrda so‘nggi yillarda o‘zbek-turk munosabatlarida erishilgan muvaffaqiyatlarga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil Turkiyaga buyurgan tarixiy tashrifi, 2020 yil Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy darajali strategik kengashning ilk majlisi va natijalari, Turkiya Prezidenti Devoniga qarashli Xalq kutubxonasi ochilishida O‘zbekiston Prezidentning faxriy mehmon sifatidagi ishtiroki va nutqining muhimligi eʼtirof etilgan.

Jurnalning O‘zbekiston hayotiga bag‘ishlangan maxsus sonida chop etilgan materiallarda joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkiya hukumatlararo qo‘shma komissiyasi yig‘ilishi natijalari, so‘nggi yillarda Turkiyaning Bursa, Adana va Antaliya shaharlarida tashkil etilgan O‘zbekiston faxriy konsulliklarining faoliyati, O'zbekistondagi maʼsul tashkilotlarning Turkiyadagi diasporasi vakillari bilan aloqalari, Istanbul, Adana va Shanliurfa kabi shaharlarda joylashgan mahalliy diaspora tashkilotlari bilan hamkorlikdagi tadbir va loyihalar haqidagi maʼlumotlar ham atroflicha o‘z aksini topgan.



Aloqador xabarlar