Turkiyaning yetakchi jurnalida O‘zbekiston elchisi bilan suhbat chop etildi

O'zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher A’zamxo‘jayev suhbat avvalida O'zbekiston xalqi uchun muhim sana arafasida suhbat qurish imkoniyatini taqdim etgani uchun turk tomoniga samimiy minnatdorlik bildirdi.

1682792
Turkiyaning yetakchi jurnalida O‘zbekiston elchisi bilan suhbat chop etildi

 

Turkiyaning "Otonomi" jurnalida O'zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher A’zamxo‘jayev bilan  "O‘zbekistonning 30 yillik to‘yi" sarlavhali suhbat chop etildi.


Unda so‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar, mamlakatning tarixiy va tabiiy go‘zalliklari hamda tobora mustahkamlanib borayotgan o‘zbek-turk munosabatlari haqida atroflicha fikr yuritilgan.
O‘zbekistonlik diplomat suhbat avvalida O'zbekiston xalqi uchun muhim sana arafasida suhbat qurish imkoniyatini taqdim etgani uchun turk tomoniga samimiy minnatdorlik bildirar ekan, Mustaqillik kuni o'zbek xalqi uchun eng muhim bayram ekanini qayd etgan.
Alisher A’zamxo‘jayevning aytishicha, O‘zbekiston bugungi kunda mustahkam oyoqqa turgan va xalqaro maydonda o‘z so‘zi va obro‘siga ega bo‘lgan mamlakat hisoblanadi.

"Bu yerda men bir haqiqatni alohida ta’kidlamoqchiman. Davlatlar mustaqil bo‘lishi uchun mustaqillikni e’lon qilishning o‘zi yetarli emas. Bu jarayonda boshqa mamlakatlar tomonidan tan olinish xalqaro huquq nuqtai nazaridan juda muhim bosqich hisoblanadi. Shu jihatdan qaraganda, bundan qariyb 30 yil oldin O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan mamlakat Turkiya bo‘lgan edi", - deya ta’kidlagan elchi janoblari.
Suhbatda qayd etilganidek, Turkiya O‘zbekiston uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim qadam tashlagan. 30 yil o‘tib, bugun Turkiyaning bunday jasoratli va birodarlik qarori minnatdorlik va mamnuniyat bilan eslanmoqda. 
"Komil ishonch bilan aytishim mumkinki, yillar o‘tadi, O‘zbekiston mustaqilligining 50, 100 yillik to‘ylari nishonlanadi va Turkiyaning mazkur tarixiy qo‘llab-quvvatlashi har doim hurmat bilan e’tirof etiladi", - deya ta’kidlaydi Alisher A’zamxo‘jayev.
Diplomatga ko‘ra, 30 yillik mustaqilligini nishonlayotgan O‘zbekistonning, ayniqsa, so‘nggi besh yildagi qadamlarini alohida qayd etmoq lozim. Xususan, 2016 yil dekabrida yangi Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan mamlakatda barcha sohalarda chuqur islohotlar jarayoni boshlandi.

O‘tgan besh yil ichida davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va pragmatik tashqi siyosat sohasiga ustuvor ahamiyat berish kabi maqsadlarda muayyan yutuqlarga erishildi. 
Shu o‘rinda elchi, O‘zbekiston barcha sohalarda rivojlanish va taraqqiyotni boshlash bilan birga tashqi dunyoga ham ochilganini qayd etadi. Buning natijasida 2019 yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga (Turkiy Kengash) a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun juda muhim qaror bo‘ldi.

O‘zbekistonning ushbu Kengashga a’zoligi ham Turkiya bilan ikki tomonlama munosabatlarga, ham boshqa qardosh respublikalar bilan o‘zaro munosabatlarga ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi. Binobarin, qo‘shnilar bilan avval mavjud bo‘lgan muammolarni hal qilish va o‘zaro mintaqaviy hamkorlikni jonlantirish «Yangi O‘zbekiston»ning ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Jurnal muxbirining "Turkiya hamda O‘zbekiston kabi ikki do‘st va qardosh mamlakat o‘rtasidagi munosabatlardagi hozirgi vaziyatni qanday baholaysiz?" degan savoliga O‘zbekiston elchisi qo‘yidagicha javob beradi:

"Muhtaram Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan so‘ng Turkiya bilan munosabatlarimizda mutlaqo yangi davr boshlandi va strategik sheriklik darajasi bilan tavsiflangan munosabatlarning asoslari yaratildi. So‘nggi besh yilda O‘zbekiston va Turkiyaning tegishli muassasalari o‘rtasida sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, ta’lim, madaniyat kabi turli sohalardagi hamkorlik keskin darajada o‘sdi. Buni hech kim inkor eta olmaydi.  2020 yil 19 fevralda Anqarada Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tdi. O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga mazkur tashrifi Prezident Milliy kutubxonasining ochilish kuniga to‘g‘ri keldi. Mazkur marosimda O‘zbekiston rahbarining faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi juda katta ma’noga ega edi. Shuningdek, pandemiyaga qaramay, bu yil ham o‘zaro munosabatlar nuqtai nazaridan juda intensiv kechmoqda. Nasib bo‘lsa, bu yil Toshkentda ikki mamlakat Prezidentlari hamraisligida Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda".
Muloqot davomida suhbatdosh, shuningdek, O‘zbekiston-Turkiya savdo aloqalari jadallik bilan o‘sishda davom etayotganini qayd etadi.  Unga ko‘ra, avval  O‘zbekistonning 5-savdo sherigi bo‘lgan Turkiya so‘nggi yillarda 4-o‘ringa ko‘tarildi. Pandemiya davrida tabiiy ravishda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarida muayyan pasayish kuzatildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvaridan 15 iyunga qadar O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti 730,2 million dollarni tashkil etdi. 
Elchi Alisher A’zamxo‘jayevning ta’kidlashicha, turk kompaniyalarining O‘zbekistondagi sarmoyasi hajmi 1 milliard dollar atrofida. O‘zbekistonda turli sohalarda, xususan, to‘qimachilik sanoati va pudratchilik sohasida turk kapitali ishtirokidagi 1 ming 700 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. Ular taxminan 50 ming kishini ish bilan ta’minlamoqda.
Suhbat yakunida diplomat O‘zbekistonda biznes yuritishni rejalashtirayotgan, O'zbekistonning savdo va sarmoyaviy imkoniyatlariga qiziqish bildirgan hamda tayyor loyihalarga ega bo‘lgan har bir tadbirkor bilan uchrashishga va maslahatlashishga har doim tayyor ekanini ma’lum qilgan. 

"Bizning asosiy maqsadimiz ikki davlatning savdo-iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishdir", -deydi u.



Aloqador xabarlar