O'zbekiston va Turkiya parlamentlari rahbarlari muloqoti bo'lib o'tdi

Suhbat avvalida parlamentlar rahbarlari bir-birlarini dunyo musulmonlarining umumiy bayrami – Qurbon hayit bilan samimiy muborakbod etdi.

1679926
O'zbekiston va Turkiya parlamentlari rahbarlari muloqoti bo'lib o'tdi

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov 23-iyul kuni Turkiya parlamenti Spikeri Mustafo Shento’p bilan telefon orqali muloqot qildi.

O'zbekiston Parlamenti quyi palatasi manbasiga ko‘ra, suhbat avvalida tomonlar yaqinda bo‘lib o‘tgan Iyd-al-Adha – Qurbon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladilar.

Muloqotda ikki davlat rahbarlarining samimiy do‘stligi o‘zaro aloqalarning yanada yaxshilanishiga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Turkiya parlamenti raisi Mustafo Shento'p yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston davlat Mustaqilligining 30 yilligi bilan qutladi. U shuningdek, hozirgi kunda ikki davlat o‘rtasida parlamentlararo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda an’anaviy do‘stlik va sherikchilikka asoslangan hamkorlikni rivojlantirishga imkon beradigan konstruktiv va ochiq munosabat o‘rnatilganligini qayd etdi.

Mustafo Shento'p Turkiy davlatlar ichida O‘zbekistonning o‘rni beqiyosligi, Markaziy Osiyo davlatlari orasida ham nufuzi, madaniy meroslarga boyligi bilan muhim ahamiyatga ega ekanini, Turkiya O‘zbekistonni o‘zi uchun qat’iy va ishonchli sherik sifatida bilishini qayd etar ekan, o‘zbek tomonining Turkiy tilli davlatlar Parlamentlararo Assambleyasiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Tomonlar joriy yilning 31-may-3-iyun kunlari Islomobod shahrida o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Parlament Assambleyasining 2-Bosh konferensiyasi hamda 23-24- iyun kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik xalqaro forumi, ularning ahamiyati haqida o‘zaro fikr almashdilar.

Qayd etilganidek, bu kabi forumlar o‘zaro tajriba almashish, parlamentlar o‘rtasida aloqalarni kuchaytirish, barqaror rivojlanish sohasida yangi usul va vositalar ishlab chiqish, sohada nazariy va amaliy tajriba almashishda o‘ziga xos maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Mustafo Shento'p O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, ikki tomonlama do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilayotgan e’tiborni alohida ta’kidladi.

Muloqotda ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

 



Aloqador xabarlar