O‘zbekistonda ba'zi aholi toifalarining koronavirusga qarshi emlanishi shart qilindi

O‘zbekistonda 18 yoshdan katta bo‘lgan bir qancha aholi qatlamlari koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlanishi shart etib belgilandi.

1676958
O‘zbekistonda ba'zi aholi toifalarining koronavirusga qarshi emlanishi shart qilindi

 

Kecha, 17 iyul kuni Respublika maxsus komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra:

  • 2021 yil 1 sentyabrgacha 18 yoshdan katta bo‘lgan quyidagi toifa yoki guruhdagi aholi qatlami koronavirus infeksiyasiga qarshi 1-doza vaksinalari;
  • 1 oktyabrgacha 2-doza vaksinalari;
  • 1 noyabrgacha 3-doza vaksinalari bilan ommaviy emlanishi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan hollar bundan mustasno) shartligi belgilandi.

Ular quyidagilar:

— aholi bilan muloqotga kiruvchi barcha turdagi xizmat ko‘rsatish obektlarining (davlat xizmatlari markazlari, pochta bo‘linmalari, banklar, lizing tashkilotlari, notariuslar, sug‘urta kompaniyalari, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar va boshqalarning) xodimlari;

— barcha turdagi savdo obektlarining (oziq-ovqat, xo‘jalik mollari, kiyim-kechak do‘konlarining, dorixonalarning va boshqalarning) xodimlari;

— sport maktablarining hamda sport inshootlarining xodimlari;

— madaniy hamda ko‘ngilochar obektlarning va dam olish maskanlarining xodimlari;

— mehmonxonalarning, uy mehmonxonalarining, xostellarning, otellarning, yotoqxonalarning va kempinglarning ishchi-xodimlari;

— yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlarning xodimlari;

— davlat va nodavlat ta'lim muassasalarining xodimlari;

— harbiy xizmatchilar;

— umumiy ovqatlanish korxonalarining, xususan, jamoat joylarida joylashgan tezkor ovqatlanish shoxobchalarining, choyxonalar, to‘yxonalar, kafelar va restoranlarning xodimlari, shu jumladan, mahsulotlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchilar;

— barcha turdagi davlat va nodavlat tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy obektlarning xodimlari;

— kommunal xizmat sohasi xodimlari;

— aloqa va telekommunikatsiya obektlarining xodimlari;

— davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xodimlari;

— huquqni muhofaza qiluvchi organlarining xodimlari.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko'ra, shu yilning 20 iyulidan boshlab, umumiy ovqatlanish ob’ektlari – restoran, kafe, oshxona va choyxonalarni soat 8:00 dan 20:00 gacha faqatgina ochiq havoda ishlashiga ruxsat beriladi.

Shuningdek, universitetga kirish imtihonlari ham ochiq havoda o'tkaziladi.O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko'ra, shu kungacha mamlakatga Xitoyning "ZF2001" vaksinasidan 6 mln 500 ming doza, Vaxzevria vaksinasidan 660 ming doza, Sputnik V vaksinasidan 370 ming doza bo'lib jami 7 mln 530 ming doza vaksina olib kelindi.

Shu kungacha mamlakat miqyosida jami 5 mln 521 ming kishi koronavirusga qarshi emlandi.

 

 


Tanlangan kalimalar: #vaksina , #koronavirus , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar