Tojikiston chegarasini mustahkamlash uchun 20 ming harbiy safarbar qilinadi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Tojikiston-Afg’oniston chegarasini mustahkamlash uchun 20 ming harbiy xizmatchini safarbar qilish bo’yicha topshiriq berdi.

1670709
Tojikiston chegarasini mustahkamlash uchun 20 ming harbiy safarbar qilinadi

 

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Tojikiston-Afg’oniston chegarasini mustahkamlash uchun 20 ming harbiy xizmatchini safarbar qilish bo’yicha topshiriq berdi. 

Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabar berishicha, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon kecha, 5-iyul kuni tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat keskinlashgani tufayli Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazdi. 

Yig’ilishda Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari, harbiy tuzilmalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda chegara hududlarida xavfsizlikni ta’minlash va davlat chegarasida qo‘riqlash choralarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni hamda ichki ishlar vaziri yig’ilishda chegaradagi vaziyat yuzasidan hisobot berdi.

“Davlat rahbari Imomali Rahmon Afg‘oniston va Tojikiston chegaralaridagi vaziyatning keskinlashganini e’tiborga olgan holda davlat va chegara zonasida yashovchi aholi xavfsizligini ta’minlash uchun aniq choralarni ko‘rish haqida buyruq berdi”,-deyiladi Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, yig‘ilishda kuch ishlatar tizimlar vakillariga davlat chegarasida himoyani kuchaytirish, kerakli hududlarga qo‘shimcha qo‘shin yuborish vazifasi ham yuklandi.

Qayd etilishicha, Tojikiston prezidenti chegarani buzib o‘tish holatlariga katta e’tibor qaratish, mazkur harakatlarning transmilliy jinoyat ekanligi haqida ogohlantirish ishlarini olib borish, terrorchilik, ekstremizm va giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish yuzasidan ham topshiriqlar berdi.

Yig‘ilish yakunida Imomali Rahmon mudofaa vaziriga 20 ming harbiyni Tojikiston -Afg‘oniston chegarasini mustahkamlashga safarbar qilish bo’yicha topshiriq berdi. 

Avvalroq, 5 iyulga o‘tar kechasi “Tolibon” harakati jangarilari bilan janglardan so‘ng mingdan ortiq afg‘on harbiylari Tojikiston hududiga chekinishga majbur bo‘lgani xabar qilingandi.

Tojikiston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara qo‘shinlari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, toliblar Badaxshon viloyatidagi Xoxon, Shikay, Nusay, Mohimay, Shugnon va Sulton Ishkashim tumanlarini to‘laligicha o‘z nazoratiga olgan.

Afg‘oniston hukumatining 1037 nafar harbiy xizmatchisi Tojikiston hududiga chekinishga majbur bo‘lgan.


Tanlangan kalimalar: #Imomali Rahmon , #Afg'oniston , #Tojikiston

Aloqador xabarlar