O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini kengaytirish bo‘yicha kengash faoliyatiga start berildi

Kecha, 28-iyun kuni  Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashning faoliyatiga start beruvchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

1666924
O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini kengaytirish bo‘yicha kengash faoliyatiga start berildi

 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) maʼlumotiga ko‘ra, mazkur yig‘ilish O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay raisligida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zbekistonda investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yetakchi turk kompaniyalari, shuningdek, respublikaning vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuv chog‘ida oliy darajadagi tashriflar bilan almashish natijasida so‘nggi 4 yil mobaynida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida hamkorlik strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani va hozirda yuqori dinamika bilan rivojlanayotgani taʼkidlandi.

Hukumat darajasida ham, xususiy sektor o‘rtasida ham tezkor aloqalar yo‘lga qo‘yilganligi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada kengaytirish imkonini berdi. Shunday qilib, o‘tgan to‘rt yil davomida O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar ko‘payib, bugungi kunda u 1700 dan ortiqni tashkil etmoqda. Bu esa Turkiyaga joriy yilning yanvar-may oylarida ochilgan yangi qo‘shma korxonalar soni bo‘yicha xorijiy davlatlar orasida yetakchi o‘rinni egallash imkonini berdi.

Muvofiqlashtiruvchi Kengash yig‘ilishida taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Prezidenti va Hukumati tomonidan iqtisodiyotning bozor tamoyillarini barqaror rivojlantirish va xorijiy investorlar uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Qulay geografik joylashuvi, boy resurs bazasi, sig‘imli ichki va tashqi bozorlar bilan birgalikda bu O‘zbekistonni mintaqada investitsiyalar kiritish uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya iqtisodiyotining raqobat ustunliklari va bir-birini to‘ldirishi asosida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun muhim salohiyat mavjudligini taʼkidladilar. Ular turk biznesi vakillarini yangi keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlari salohiyatidan faol foydalanishga, o‘zbek tadbirkorlari bilan biznes aloqalarini mustahkamlashga chaqirdi.

Tadbir davomida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlaydigan yuqori texnologik tarmoqlarni yaratishga ham o‘zaro qiziqish bildirdilar.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan turk tadbirkorlari O‘zbekistonda biznes yuritish tajribasi, kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdilar, shuningdek, mavjud masalalarni tilga oldilar.

Uchrashuv yakunida soliq va bojxona faoliyatini tartibga solish sohasidagi investitsiyaviy muhit va qonunchilikni yana-da takomillashtirish orqali O‘zbekistonda turk biznesining investitsiyaviy faolligini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.

Muvofiqlashtiruvchi Kengash savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini ilgari surish va turk investorlarining O‘zbekistondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash platformasi sifatida yaratilgan. Uning raisi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovdir.

Kengashning asosiy vazifalari turk tadbirkorlari va investorlari hamda O‘zbekiston davlat organlari o‘rtasida bevosita muloqot o‘rnatish, investitsiyaviy takliflarni muhokama qilish, mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llarini har tomonlama tahlil qilish, shuningdek, mamlakatda iqtisodiy islohotlarni yana-da chuqurlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishdan iborat. Kengash yig‘ilishlari har chorakda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.


Tanlangan kalimalar: #Fuat O'ktay , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar