Qo‘qon shahrini Turkiy kengashning “Turizm poytaxti” deb e’lon qilish taklif etildi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yig‘ilishi uchun aynan Qo‘qon shahri tanlangani bejiz emasligini ta’kidladi.

1663826
Qo‘qon shahrini Turkiy kengashning “Turizm poytaxti” deb e’lon qilish taklif etildi

 

Ma'lumki, shu kunlarda O’zbekistonning Qo‘qon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlarining VI yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

 

Mazkur tadbirda O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon hamda Vengriyaning turizm vazirlari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yig‘ilishi uchun aynan Qo‘qon shahri tanlangani bejiz emasligini ta’kidladi.

“Tilimiz, dinimiz bir, tarix va madaniyatlarimiz mushtarakligi Turkiy Kengash tashkiloti faoliyatining barhayotligi kafolatidir. Shu sababdan mehmondo‘stlik sanoati — turizm aloqalarini mustahkamlash bugungi Kengash ishtirokchilarining asosiy maqsadidir”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Uning aytishicha, Jahon turizm tashkilotining (UNWTO) 2021 yil mayidagi hisobotiga ko‘ra, xalqaro turizmning tiklanishi va pandemiyaning sohaga ta’sirini kamaytirishda eng samarali usul — mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik ekanligi aytib o‘tilgan.

“Turkiy xalqlar odatiga ko‘ra — qarindoshlik aloqalarini ushlab turish uchun tez-tez mehmon bo‘lish, o‘zaro yo‘qlab borish an’anasi ota-bobolarimizdan qolgan. Biz, bugun qardoshlik aloqalarni mustahkamlash va bir-birimizning uyimizda mehmon bo‘lish uchun mavjud savollarga javob topishimiz lozim”, — dedi O‘zbekiston vakili.

Shundan kelib chiqib, Aziz Abduhakimov kengash a’zolariga yettita taklifni bildirdi:

Birinchidan. Kengashga a’zo va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida transport logistika tizimini rivojlantirish dolzarb masala. Bu umumiy manfaatlarga to‘liq mos keladi.

“Buning uchun, shaharlar o‘rtasida muntazam va charter parvozlar tashkil qilish, turistik poyezd, avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish va sayyohlarning o‘z avtomobilida harakatlanishiga imkoniyat yaratishimiz lozim”, — dedi u.

Ikkinchidan. Davlatlar turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yangicha yondoshuv zarur.

“Poytaxt va turizm shaharlaridagi aeroport va vokzallarda turizm ma’lumot markazlarini tashkil qilgan holda targ‘ibot materiallarini 24/7 rejimida joylashtirishni taklif qilaman”, — dedi vazir.

U shuningdek, mahalliy telekanallarda qardosh xalqlar va mehmondo‘stlik to‘g‘risidagi ko‘rsatuvlarni doimiy ravishda efirga berib borish kerakligiga e’tibor qaratdi.

“Biz “Turizm 365”, “UzReport”, “Tarix” va “Al-Buxoriy” xalqaro yo‘ldosh telekanalida siz tomoningizdan taqdim etiladigan dasturlarni namoyish qilishga tayyorligimizni ma’lum qilamiz”, — deya ta’kidladi Abduhakimov.

Uchinchidan. “Hamkorlikda madaniy meros ob’yektlarini tiklash, restavratsiya qilish, qadimiy axritekturasini yo‘qotmagan holda saqlab qolish, raqamlashtirish, samarali menejment joriy qilish va kelajak avlodga yetkazishga ehtiyoj mavjud”.

O‘zbekiston turizm va sport vaziri Turkiy Kengash huzurida a’zo davlatlarning mablag‘i asosida Madaniy meros ob’yektlarini asrash jamg‘armasini tashkil etish taklifini bildirdi.

“Jamg‘arma mablag‘lari birinchi navbatda Kengash a’zolari bo‘yicha to‘liq madaniy meros ob’yektlari onlayn xaritasi —platformasini yaratishga jalb etiladi”.

To‘rtinchidan. Turkiy davlatlarning yagona madaniy va turizm tadbirlari taqvimini yaratish taklifi ilgari surildi.

Unga ko‘ra, xalq o‘yinlari — etno sport (uloq-ko‘pkari, dorbozlik, kurash, kamondan o‘q uzish, tosh ko‘tarish) va baxshilar musobaqasinio‘tkazib borish tarixiy an’analarning yo‘qolib ketishining oldini oladi.

“Boburiylar sulolasi boshlangan qadimgi Axsikent qal’asi hududida “Turkiy ovoz” qo‘shiq va kuy festivalinitashkil etishni taklif etaman”, —dedi  Aziz Abduhakimov.

Beshinchidan. “Turoperatorlarni turizm bozorlariga kirib borishini qo‘llab-quvvatlash va ular yordamida qo‘shma turlar tashkil qilish barcha uchun manfaatli”.

Oltinchidan. Turizm ta’limi sohasida tajriba almashish va sohadagi mutaxassislarning doimiy malakasini oshirish, akademik turizmni yo‘lga qo‘yish zarur. “Bunda, ikki tomonlama grant mablag‘lari ajratish masalalarini ko‘rib chiqish lozim”.

Yettinchidan. “Turkiy Kengash tomonidan taklif qilingan “Turizm poytaxti” tashabbusini qo‘llab quvvatlashimizni ma’lum qilgan holda, uning vositasida hozirda mashhur turizm maskanlarni emas, balki sayyohlik potensiali yuqori bo‘lgan shaharlarni rivojlantirishimiz lozim. O‘zbekiston tomoni Turkiy dunyo va xalqlarining rivojlanishida o‘zining alohida o‘rniga ega, Ipak yo‘li ravnaqiga muhim hissa qo‘shgan Qo‘qon shahri nomzodini ilgari suradi va sizdan mazkur shaharni Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti sifatida qo‘llab quvvatlashingizni so‘rab qolamiz”, — dedi Aziz Abduhakimov.



Aloqador xabarlar