Abdulaziz Kamilov Antaliyada pokistonlik kasbdoshi Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Turkiya Respublikasi Tashqi Ishlar vazirligi tomonidan uyushtirilgan Diplomatik forumda ishtirok etmoqda.

1660926
Abdulaziz Kamilov Antaliyada pokistonlik kasbdoshi Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashdi

2021-yilning 18-iyuni kuni Antaliyaga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashdi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ushbu ma’lumotga ko‘ra muzokaralar chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining holati va rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama qilingan.

2021-yil 14-aprelda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Imron Xon o‘rtasidagi sammit yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni, shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning muhimligi ta’kidlangan.

Mintaqaviy masalalar, birinchi navbatda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali iqtisodiyotini tiklashga alohida e’tibor qaratilgan.

Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari shu yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Pokiston tomoni ishtirokining amaliy jihatlarini ko‘rib chiqishgan.

Muzokaralar chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan ikki tomonlama kun tartibining boshqa masalalari bo‘yicha ham fikr almashilgan.

 



Aloqador xabarlar