Toshkentda “AGRO PACK UZBEKISTAN – 2021” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi

Turkiyaning “Sofuar LTD. ŞTi” korxonasi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda o‘zbekistonlik va turkiyalik tadbirkorlarning V2V formatidagi muzokaralari o‘tkazildi va manfaatli shartnomalar imzolandi.

1658278
Toshkentda “AGRO PACK UZBEKISTAN – 2021” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi

 

Kuni kecha O’zbekiston poytaxti Toshkent shahrida Turkiyaning “Sofuar LTD. ŞTi” korxonasi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda “Oziq-ovqat texnologiyalari, qadoqlash va issiqxona uskunalari “AGRO PACK UZBEKISTAN – 2021” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash, issiqxona tizimlarini, suv va sut mahsulotlarini saqlash uskunalarini ishlab chiqaruvchi 30 dan ortiq turk korxonalari ishtirok etdi. 

Mazkur ko‘rgazma xo‘jalik yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari, jumladan, o‘z faoliyatini endi boshlagan tadbirkorlar uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va tayyor mahsulotni ichki va tashqi bozorda sotishga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun katta imkoniyatdir.

Tadbir doirasida o‘zbekistonlik va turkiyalik tadbirkorlarning V2V formatidagi muzokaralari o‘tkazildi va manfaatli shartnomalar imzolandi.

Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lib, unda chuqur tarkibiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 17 million tonnadan ortiq meva va sabzavot yetishtirilmoqda. 

Bu esa aholi jon boshiga taxminan 300 kilogramm sabzavot, 75 kilogramm kartoshka va 44 kilogramm uzum demakdir. Bu jahonda qabul qilingan optimal iste’mol me’yorlaridan uch barobar yuqori ekanini anglatadi.

O‘tgan yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlovchi 230 ta korxona tashkil etilgan. Shu bilan birga, 114 ta yangi sovutgich kameralari qurilib, mavjudlari modernizatsiya qilingan. Natijada meva va sabzavotlarni saqlashning umumiy hajmi 832 ming tonnaga yetkazildi.

“AGRO PACK UZBEKISTAN – 2021” ko‘rgazmasi zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy qilish orqali mahsulotni qayta ishlash korxonalarining xorijiy kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirish yo‘lidagi platformalardan biri bo‘lib hizmat qiladi.



Aloqador xabarlar