O'zbekistonda Turkiy Kengashga a'zo davlatlarning turizm vazirlari yig'ilishi bo'lib o'tadi

Qo‘qon shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yig‘ilish O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo bo‘lganidan keyingi vazirlar darajasidagi birinchi tadbir hisoblanadi.

1657370
O'zbekistonda Turkiy Kengashga a'zo davlatlarning turizm vazirlari yig'ilishi bo'lib o'tadi

 

Joriy yilning  23-24 iyun kunlari O’zbekistonning Qo‘qon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo davlatlarning turizm masalalari vazirlarining VI yig‘ilishi va Turizm bo‘yicha ishchi guruhning XV yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

O’zbekiston Turizm va sport vazirligi maʼlum qilishicha, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2019-2020 yillarda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitlari doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish hamda tashkilot doirasida turizm sohadagi hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari Turkiy kengash doirasida amalga oshirilayotgan “Modern Silk Road” qo‘shma turizm marshruti loyihasiga kiritilishi taʼminlandi.

2020 yil o‘tkazilgan Turkiy kengash turizm masalalari bo‘yicha vazirlarining V yig‘ilishi yakuniy bayoniga ko‘ra, turizm masalalari vazirlarining va Turizm bo‘yicha ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishlarini 2021 yil Qo‘qon shahrida o‘tkazishga kelishilgan edi.

Bugunga qadar mazkur tadbirda Turkiy kengash Bosh kotibi Bag‘dat Amreyev, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Qozog‘iston madaniyat va sport ishlari vaziri Aktoti Raimkulova, Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Akilbek Japarov, Ozarbayjon davlat turizm agentligi raisi Fuad Nagiyev o‘z ishtirokini tasdiqlagan.

Yig‘ilishda Kengashga aʼzo davlatlarda turizm sohasining pandemiyadan keyingi tiklanishi, “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish hamda aʼzo davlatlarning yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro aviareyslarni tiklash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.

Shu bilan birga, xorijiy ishtirokchilar turizm sohasidagi istiqbolli loyihalar, ziyorat turizm imkoniyatlari, Farg‘ona viloyatining hunarmandchilik, ekoturizm va gastronomik salohiyati bilan tanishtiriladi.

Taʼkidlash lozimki, Qo‘qon shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yig‘ilish O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo bo‘lganidan keyingi vazirlar darajasidagi birinchi tadbir hisoblanadi.


Tanlangan kalimalar: #turizm , #Turkiy Kengash , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar