Turkiyalik olim O'zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy islohotlarga munosabat bildirdi

"O‘zbekistonda diniy-maʼrifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar musulmon dunyosida tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Men bu sohadagi xayrli ishlar uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirmoqchiman",dedi S.Kutlu

1635945
Turkiyalik olim O'zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy islohotlarga munosabat bildirdi

 

Turkiyaning Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professori So‘nmez Kutlu “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekistonda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.

“O‘zbekiston tarixda bo‘lgani kabi bugungi kunda ham tamaddun markazi hisoblanadi. Yurtingiz tarixda Movarounnahr va Turkiston nomlari bilan mashhur bo‘lgan. Bu zamindan necha necha olimu ulamolar yetishib chiqdi. Ular qoldirgan maʼnaviy meros jahon tamadduniga xizmat qilmoqda. O‘tmishda ushbu mintaqaga sayohat qilgan tarixchilar Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Xiva kabi shaharlarning mahobatini eʼtirof etib, bu maskanlarni “islomning qubbasi” deya taʼriflagan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston ushbu zamindagi muazzam ilm markazlarini qaytadan jonlantirish uchun muhim chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Xususan, so‘nggi besh yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda ushbu markazlarda o‘zbek olimlari diniy-maʼrifiy sohadagi izchil tadqiqotlar olib bormoqda. Ishonamanki, bu kabi ilm markazlarining amaliy muvaffaqiyati natijasida O‘zbekiston yana ilm-fan markaziga aylanadi – Uchinchi Renessans barpo etiladi. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida yurtingizdan yana moturidiylar, nasafiylar, samarqandiylar va buxoriylar yetishib chiqishiga ishonchim komil.

O‘zbekistonda diniy-maʼrifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar butun musulmon dunyosida tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, O‘zbekiston va Turkiya olimlari o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatilayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. Men ushbu sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar uchun O‘zbekiston rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman.

Fursatdan foydalanib, Ramazon hayiti munosabati bilan butun O‘zbekiston xalqini chin qalbdan tabriklayman”,-deydi Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professori So‘nmez Kutlu.



Aloqador xabarlar