“O‘zbekistonda Ramazon oyi urf-odatlari” mavzusida “davra suhbati” tashkil etildi

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan onlayn-tadbirda Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professori, moturidiyshunos olim So‘nmez Kutlu ishtirok etdi.

1635896
“O‘zbekistonda Ramazon oyi urf-odatlari” mavzusida “davra suhbati” tashkil etildi

 

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan Anqarada joylashgan Onado‘li ilohiyot akademiyasining turkum muloqot dasturlari doirasida “O‘zbekistonda Ramazon oyi urf-odatlari” mavzusida onlayn “davra suhbati” tashkil etildi.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, onlayn-tadbir Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professori, moturidiyshunos olim So‘nmez Kutlu bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Turkiya jamoatchiligi vakillari ishtirok etgan anjumanda O’zbekistonda Ramazon oyining katta shodu xurramlik va shukronalik bilan kutib olinishi, bu oyda barcha mo’min-musulmonlar o‘z ibodatlarini erkin ado etayotgani, masjidlarda xatmi qur’onlar o‘tkazilayotgani haqida ma’lumot berildi.

Ishtirokchilar Ramazonga oid o‘zbekona urf-odatlarga katta qiziqish bildirdi. Ularga O’zbekistonning deyarli barcha hududlaridagi mahallalarda iftor vaqtidan keyin bolalar tomonidan ijro etiladigan “Yo, Ramazon” qo‘shiqlarining turlari, Ramazon oyida o‘zbek oilalarida iftor dasturxonlari uchun tayyorlanadigan turli taomlar va nozu-ne’matlar, ayniqsa, nisholda haqida aytib berildi.

 “O‘zbekistondagi Ramazon an’analarini kuzatar ekanmiz, bu yerda biz turklarning ayrim mintaqalarida ham o‘xshash urf-odatlar borligini ko‘rishimiz mumkin. Men o‘z tadqiqotim davomida “Yo, Ramazon” qo‘shiqlari Samsun viloyatining ayrim qishloqlarida ham kuylanishini aniqladim. Ko‘rib turganingizdek, minglab kilometr uzoqda bo‘lsak ham madaniyatimiz va ma’naviy qadriyatlarimizda ko‘plab mushtarak jihatlar saqlab qolingan”, - deydi professor So‘nmez Kutlu.

Onlayn-dasturda ishtirok etgan o‘zbekistonlik sozanda Abror Zufarov turk jamoatchiligini bayram bilan qutladi va o‘zbek milliy maqomlaridan ijro etdi.

Dastur davomida, shuningdek, O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida yaratilgan imkoniyatlar alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg‘ona kabi go‘zal tarixiy shaharlarni ziyorat qilishga taklif etildi.

“Bu yurt ochiq osmon ostidagi muzeyga o‘xshaydi. Bu yerlarda o‘zingizni yolg‘iz his qilmaysiz. Men O‘zbekistonga borganimda o‘zimni xuddi tug‘ilib o‘sgan Erzinjan viloyatida yurgandek his qildim. O‘zbekistondagi har bir go‘sha va an’analar qadrdondek, tanishdek tuyulaveradi. Men barcha do‘stlarimga hech o‘ylab o‘tirmasdan O‘zbekistonga borishni, ushbu yurtdagi muqaddas qadamjolarni  ziyorat qilishni tavsiya etaman”, - dedi o‘z chiqishi yakunida So‘nmez Kutlu.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Sönmez Kutlu , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar