Turkiyadagi “EkoHaber” nashri “Yaxshi qo‘shnichilikda O‘zbekiston modeli” nomli maqola chop etdi

Mazkur materialda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirayotgani bayon etilgan.

1630023
Turkiyadagi “EkoHaber” nashri “Yaxshi qo‘shnichilikda O‘zbekiston modeli” nomli maqola chop etdi

 

Turkiyadagi “EkoHaber” gazetasining bugungi sonida “Yaxshi qo‘shnichilikda O‘zbekiston modeli” sarlavhali maqola  chop etildi.

Mazkur materialda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirayotgani bayon etilgan. Xususan, qo‘shnilarimiz – Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashni asosiy ustuvor tashqi siyosiy yo‘nalish sifatida belgilab olingani alohida eʼtirof etilgan.

Maqolada O‘zbekistonning Bursa shahridagi faxriy konsuli Ali Baklan O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari jihatidan namunaviy mamlakat hisoblanishini aytib o‘tgan. O‘z fikrini tasdiqlash uchun A.Baklan, jumladan, quyidagilarni bayon etgan: "O‘zbekistonning nomi so‘nggi vaqtlarda xalqaro maydonda tez-tez yangramoqda, ayniqsa, 2016 yildan mamlakatda yangi Prezident Shavkat Mirziyoyevning saylanishi bilan har bir sohada yangicha siyosat olib borila boshlandi. Avvallari nisbatan yopiq bo‘lgan O‘zbekiston so‘nggi to‘rt yilda o‘z imijini tubdan o‘zgartirdi, xalqaro munosabatlarning faol ishtirokchisiga aylandi, ham mintaqaviy, ham dunyo miqyosida endilikda "Yangi O‘zbekiston" sifatida qabul etilmoqda".

Ali Baklan, shuningdek, O‘zbekiston mintaqa tinchligini mustahkamlash jihatidan ham muhim mavqega egaligini qayd etgan. "Mintaqaning markazida joylashgan va Markaziy Osiyoning har bir mamlakati ila umumiy chegaralarga ega bo‘lgan o‘lkaning mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashdagi o‘rni beqiyosdir, -  deydi Faxriy konsul. - Bugungi kunda mazkur mamlakat 35 millionga yaqin aholisi bilan aholi zichligi jihatidan mintaqada birinchi, Turkiy kengash davlatlari orasida esa ikkinchi o‘rindadir".

Materialda qayd etilganidek, so‘nggi to‘rt yilda O‘zbekiston rahbariyati qo‘shnilari bilan munosabatlarda olib borgan siyosati mintaqada tinchlikni taʼminlash nuqtai nazaridan nihoyatda muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu munosabatlari bilan O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik modelini ilgari surishda namuna sifatida qabul qilinishi mumkin. Yaqin vaqtlargacha qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegaralar yopiq bo‘lgan, hatto qarindoshlarning borib kelishida muammolar kuzatilgan bir vaziyatda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning konstruktiv va udaburron yondashuvi natijasida bugungi kunda ushbu mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. 2018 yil 1 mart kuni O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida 9 ta chegara punktining ochilishi katta tantana bilan amalga oshirilgandi. Joriy yilning 11-12 mart kunlari esa Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari o‘rtasidagi samarali muzokaralar natijasida ikki davlat o‘rtasidagi bahsli chegara nuqtalarini uch oy ichida hal etish to‘g‘risida kelishib olindi.

«"O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan munosabatlari ham mustahkamlanmoqda, - deb yozadi muallif. - Joriy yilning 10 aprel kuni ikki mamlakat o‘rtasidagi "G‘ishtko‘prik-Jipek Jo‘lu" chegara punktlari o‘rtasida Markaziy Osiyo xalqaro savdo markazining tamal toshi qo‘yildi. Ushbu loyiha so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida tobora kuchayib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining yaqqol ifodasi bo‘lib, butun mintaqada iqtisodiy va savdo aloqalarining rivojlanishiga turtki beradi".

Maqolada taʼkidlaganidek, Afg‘oniston bilan munosabatlarda ham O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik xususiyatlari namoyon bo‘lmoqda. Ikki mamlakat rahbarlarining 2017-yildan beri kamida 6 marotaba uchrashgani ham munosabatlar darajasini anglash uchun yetarlidir. "2018-yilda Toshkentda o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada "Toshkent deklaratsiyasi" qabul qilindi. Ushbu deklaratsiya tinchlik jarayoni muzokaralarini ushbu qo‘shni mamlakatdagi yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Toshkent konferensiyasidan so‘ng bu yo‘nalishdagi xalqaro harakatlar yanda faollashdi", - deb yozadi “EkoHaber” gazetasi.

Material  intihosida, muallif O‘zbekistonning Bursa shahridagi faxriy konsuli Ali Baklan fikrlariga murojaat qiladi. "O‘zbekistonni "Markaziy Osiyoning yuragi" deb taʼriflash mumkin, - deydi Ali Baklan o‘z munosabatida. - O‘zbekiston so‘nggi yillarda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari jihatidan namunaviy mamlakatga aylangan, deb  bemalol ayta olamiz. O‘zbekistonning do‘stona va bag‘rikeng munosabati tinchlik va osoyishtalikni yana-da mustahkamlamoqda. Natijada mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi ortmoqda. Markaziy Osiyo tinchligi – butun Yevrosiyo uchun muhimdir. Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi transport va tranzit koridorlarining rivojlanishi Markaziy Osiyo manfaatlariga ham javob beradi. Bu jarayondan Turkiya ham o‘z ulushini oladi. Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘lining strategik ahamiyati yana-da oshadi. Bularning barchasi tarixiy ildizlari bir bo‘lgan Turkiy respublikalar o‘rtasidagi hamkorlik va integratsiya jarayonini tezlashtiradi".

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #EkoHaber

Aloqador xabarlar