Turkiy Kengash o'zaro OAV faoliyatini kuchaytirish masalalarini muhokama qildi

Turkiy Kengashga aʼzo davlatlar delegatsiyalari turkiy tilli davlatlarda bo‘lib o‘tayotgan voqealar to‘g‘risida xabardor qilish bo‘yicha birgalikdagi faoliyatni kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.

1619299
Turkiy Kengash o'zaro OAV faoliyatini kuchaytirish masalalarini muhokama qildi

 

Ozarbayjonning Baku shahrida Turkiy kengashga aʼzo davlatlarning axborot va ommaviy axborot vositalari uchun masʼul vazirlik va idoralari rahbarlarining III yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev, Qirg‘iziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Qayrat Imanaliyev, Turkiya Prezidenti Administratsiyasi aloqa bo‘limi boshlig‘i Fahrettin Altun, Qozog‘iston axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirining o‘rinbosari Asxat Oralov, Vengriya Savdo vazirligining tashqi aloqalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha davlat kotibi Peter Shtaray, Turkiy kengash bosh kotibi Bag‘dod Amreyev va boshqalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiy kengashga aʼzo davlatlar bilan axborot va ommaviy axborot vositalari sohasida faol hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi. Xususan, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo davlatlarning rasmiy axborot agentliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash masalasini o‘rganish taklif qilindi. Ushbu hujjat maʼlumot tayyorlash va tarqatish bo‘yicha tajriba almashish, jurnalistlarning Kengashga aʼzo mamlakatlarga axborot safarlarini tashkil etish, qo‘shma o‘quv kurslari o‘tkazish, umumiy axborot xavfsizligini taʼminlash, turli axborot tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish uchun huquqiy asos yaratadi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston vakillari taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Yig‘ilish doirasida turkiy tilli davlatlarda bo‘lib o‘tayotgan voqealar to‘g‘risida maʼlumot berish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni kuchaytirish, 2021-2022 yillarda axborot va ommaviy axborot vositalari sohasida harakat rejasi, turkiy tilli davlatlar tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan badiiy va hujjatli filmlar suratga olish, media-ekspertlar uchun o‘quv kurslari va almashinuv dasturlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Dunyo hamjamiyatini Turkiy kengash mamlakatlarining boy tarixiy va madaniy merosi, o‘sib borayotgan savdo-iqtisodiy va sayyohlik salohiyati bilan tanishtirish, madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha qo‘shma choralar ko‘rish muhimligi taʼkidlandi. Joriy yil Turkiy kengashga aʼzo qator mamlakatlar mustaqilligi eʼlon qilinganining 30 yilligi nishonlanayotgani taʼkidlandi va ushbu yubiley sanasiga bag‘ishlangan xalqaro media-forum o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.


Tanlangan kalimalar: #OAV , #Baku , #Turkiy Kengash

Aloqador xabarlar