O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi va Turkiya savdo vazirligi o'rtasida hujjat imzolandi

O'zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murotjon Azimov Turkiya savdo vaziri Ruxsar Pekjan bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

1617692
O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi va Turkiya savdo vazirligi o'rtasida hujjat imzolandi

 

O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasida Turkiya savdo vaziri Ruxsar Pekjan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murotjon Azimov mehmonlarni O’zbekistonga tashrifi bilan qutlab, so‘nggi yillarda O’zbekiston va Turkiya o’rtasidagi ikki tomonlama bojxona hamkorligi tobora rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda bojxona-savdo tartibotlarini soddalashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga ko‘proq qulayliklar yaratish, bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va hamkorlikning boshqa bir qator ustuvor yo‘nalishlari xususida fikr yuritildi.

Ta’kidlash joizki, Turkiya Prezidentining 2018 yil 29 aprel – 1 may kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Turkiya Savdo vazirligining Bojxona bosh direktorati o‘rtasida “Qo‘shma bojxona kengashi” tashkil qilingan edi.

O‘tgan qisqa fursat davomida mazkur Kengash faoliyati kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish, bojxona nazorati samaradorligini oshirish va bojxona tartib-tamoillarini tezlashtirish, bojxona ko‘rigida qo‘llaniladigan texnologiyalarni takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro samarali va manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Kengashning birinchi yig‘ilishi 2019 yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, unda Kengashning ikkinchi yig‘ilishini kelgusida Anqara shahrida o‘tkazishga kelishildi.

Ruxsar Pekjan, o‘z navbatida, bojxona sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga, bojxona sohasida ilg‘or tajriba almashishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tadbir yakunida tomonlar “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Turkiya Respublikasi Savdo vazirligi o‘rtasida tashqi savdo statistikasi sohasida metodologik va axboriy hamkorlik qilish to‘g‘risida”gi Bayonnomani imzoladi.

Mazkur Bayonnomaga asosan bojxona xizmatlari ikki tomonlama savdo yo‘nalishida o‘z davlatlarining tashqi savdo sohasidagi ma’lumotlari muhimligi, aniqligi va o‘zaro mutanosibligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qiladi.


Tanlangan kalimalar: #Ruxsar Pekjan , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar