Ozarbayjonda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan anjumanda O‘zbekiston ko‘rgazmasi namoyish etildi

O’zbekiston elchixonasi bayram tadbirida o‘zbek milliy bahoriy taomlari o‘rin olgan dasturxon, kulolchilik, o‘ymakorlik, kashtachilik kabi xalq amaliy san'ati buyumlari namunalari ko‘rgazmasini tashkil etdi.

1606108
Ozarbayjonda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan anjumanda O‘zbekiston ko‘rgazmasi namoyish etildi

 

Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida Navro‘z bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekiston ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Xalqaro turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tomonidan turkiy dunyo mamlakatlarining Ozarbayjondagi elchixonalari bilan hamkorlikda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Vengriya diplomatik missiyalari vakillari milliy-madaniy an'analar ko‘rgazmasini namoyish etdi.

O’zbekiston elchixonasi bayram tadbirida o‘zbek milliy bahoriy taomlari o‘rin olgan dasturxon, kulolchilik, o‘ymakorlik, kashtachilik kabi xalq amaliy san'ati buyumlari namunalari ko‘rgazmasini tashkil etdi.  Shuningdek, O‘zbekistonning tarixiy maskanlari va ziyoratgohlari haqida taqdimot o‘tkazildi.

Bayram tadbirlari doirasida Turkiy Kengashga a'zo mamlakatlarda yashaydigan 6 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Biz dunyoni himoya qilamiz: Turkiy dunyoning an'ana va urf-odatlari” nomli rasmlar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi uyushtirildi. Tanlovda o’zbekistonlik Luiza Xurramova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tadbirda BMTning Ozarbayjondagi doimiy koordinatori G‘ulom Isoqzoy so’zga chiqdi.

“Navro‘z bayrami o‘zining rang-barangligi va go‘zalligi bilan ajralib turadi. U bahor kelishi va tabiatning uyg‘onishini anglatadi. O‘zbekistonda Navro‘z keng nishonlanadi. Bayramona dasturxon milliy taomlar xilma-xilligi bilan ajralib turadi. O‘zbeklarning milliy bahoriy taomlarining ta'mini barcha xush ko‘radi. Ayniqsa, ko‘katlardan tayyorlangan somsani juda foydali, deb bilaman. 

Bugungi taqdimot O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Navro‘z tantanalari muhitini oz bo‘lsa-da his qilishimizga imkon berdi. Men o‘zbek taomlari, shu jumladan, palovni tatib ko‘rdim. Ammo ushbu bayramning ramziy va eng katta hurmatga sazovor taomi — sumalak ekanini yaxshi bilaman. Ushbu noyob taom oshpazlik san'ati namunasidir”,-deydi BMTning Ozarbayjondagi doimiy koordinatori.

Gunay Afandieva,  Xalqaro turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti:

- O‘zbekiston ko‘rgazmasi o‘ziga xosligi va yorqin ranglari bilan kishi e'tiborini tortdi. O‘zbek matolari, kiyimlari va liboslari alohida e'tirofga loyiq. Bugungi tadbirda O‘zbekiston qiyofasini aks ettiruvchi barcha jihatlar namoyish etildi. Milliy mato, esdalik sovg‘alari, idishlar, hunarmandchilik buyumlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbek taomlarini tatib ko‘rgan har qanday kishi, albatta, O‘zbekistonni tashrif buyurish kerak bo‘lgan mamlakatlari qatoriga qo‘shib qo‘yishiga ishonchim komil.

O‘zbekiston xalqi mehmondo‘stligi va samimiyligi bilan ajralib turadi. Xalqingiz milliy urf-odatlarga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanidan yaxshi xabardormiz. Mamlakatdagi qadimiy obidalar va ziyoratgohlar, xalq ijodiyoti namunalari ehtiyotkorlik bilan himoya qilinib, avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Navro'z bayrami , #Ozarbayjon

Aloqador xabarlar