O'zbekistondan xabarlar 7-qism

O`zbekistonda yangi oltin koni ishga tushirildi.

702970
O'zbekistondan xabarlar 7-qism

O`zbekistonda yangi oltin koni ishga tushirildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy davlat konchilik institutiga tashrif buyurdi.

Bu erda Auminzo-Amantoy oltin konlari negizida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 5-gidrometallurgiya zavodi qurilishining boshlanishiga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi.

Bu xaqida O`zbekiston prezidenti matbuot-xizmati  xabar qildi.

Umumiy qiymati 396 million AQSh dollari bo`lgan ushbu loyiha yiliga 5 million tonna rudani qayta ishlash, 5 ming 300 ga yaqin ish o`rni yaratish imkonini beradi. Shavkat Mirziyoyev yangi gidrometallurgiya zavodi ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.

Mirziyoyev Auminzo-Amantoy oltin konlarida o`zlashtirishni boshlash uchun ramziy tugmani bosdi. Tadbirni videokonferentsiya orqali Tomdi tumanida, 5-gidrometallurgiya zavodi bunyod etiladigan hududda kuzatib turgan kombinat mutaxassislari konni portlatdi.

2017-2026-yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 27 loyiha amalga oshiriladi. Qiymati 3 milliard 63 million dollar bo`lgan mazkur loyihalar natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati 30 foizga ortadi. Qo`shimcha 31 mingga yaqin ish o`rni yaratiladi.

O'zbekiston Senati Rossiya bilan harbiy-texnik hamkorlik shartnomasini tasdiqladi.

Mazkur hujjat O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolanishi bilan kuchga kiradi.

O`zbekiston Senatining shu xaftada bo'lib o'tgan yig'ilishida, Rossiya bilan harbiy-texnik hamkorlikni  rivojlantirish haqidagi shartnoma tasdiqlandi.

Yig'ilishda so'zga chiqqan senator Iqboljon Mirzaliev, "Rossiya Federatsiyasi O`zbekistonning asosiy hamkorlaridan biri bo`lgan va bo`lib qolishini aytar ekan, tomonlar orasida harbiy-texnik hamkorlik sohasida ko`p tutash nuqtalar va umumiy manfaatlar mavjud ekanligini takidladi.

Uning so`zlariga qaraganda, shartnoma Rossiyadan O`zbekistonga harbiy texnika etkizib berish jarayonini osonlashtiradi.

Xususan, mavjud bo`lgan vositachilar xizmatidan voz kechish va qurol-yarog`ni  imkon qadar past narxlarida sotib olish huquqiga ega bo`ladi.

Yig'ilishda ushbu shartnoma senatorlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi. Mazkur shartnoma O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolanishi bilan kuchga kiradi.

Malumki, O`zbekiston va Rossiya o'rtasidagi harbiy texnik hamkorlik to'g'risidagi shartnoma o'tgan yilning noyabr oyida Moskvada imzolangan edi.

O`zbekiston va Ozarbayjon temir yo`l kompaniyalari o'rtasida hamkorlikni kengaytirish haqida protokol imzolandi.

O`zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev rahbarligidagi delegatsiya Baku shaxriga tashrif buyurib, "Ozarbayjon temir yo`llari" kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o`tkazdi.

27 mart kuni Baku shaxrida bo'lib o'tgan muzokaralarda O`zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi temir yo`l sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muxokama qilindi.

"Ozarbayjon temir yo`llari" raisi Javid Qurbonov O`zbekiston delegatsiyasini mamlakat temir yo`llar sohasidagi islohotlar, mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish bo`yicha ishlar va kelgusidagi rejalar bilan tanishtirdi.

Tomonlar "Ozarbayjon temir yo`llari" va "O`zbekiston temir yo`llari" kompaniyalari o`rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar yakunida O`zbekiston va Ozarbayjon temir yo`l kompaniyalari hamkorlikni kengaytirish haqida protokol imzolandi.

O`zbekiston va Hindiston siyosiy maslahatlashuvlar o`tkazdi.

O'tgan xaftada Dehli shahrida O`zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o`rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning o`n uchinchi raundi bo`lib o`tdi.

Hindiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Priti Saran boshchilik qildi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning holati batafsil ko`rib chiqildi hamda xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Ikki tomon ham ko`p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat berishi, turli darajalardagi doimiy muloqotning davom ettirilishidan manfaatdor ekanligi qayd etildi.

Uchrashuvda Toshkent shahrida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston-Hindiston Hukumatlararo komissiyasi 11-yig`ilishining kelishilgan muddatlarda o`tkazilishi o`zaro manfaatli savdoni kengaytirish, ishlab chiqarish bo`yicha qo`shma loyihalar, shu jumladan xorijiy investorlarga ulkan bojxona va soliq imtiyozlarini beradigan O`zbekiston iqtisodiy hududlarida qo`shma loyihalarni amalga oshirishga imkoniyat yaratishiga ishonch bildirildi.

Delegatsiya Hindiston respublikasining tashqi ishlar davlat vaziri Mubashshar Javad Akbar, savdo va sanoat vazirligi davlat kotibi Rita Teotiya, "Hindiston-Mustaqil Davlatlar Xamdo'stligi" savdo-sanoat palatasi prezidenti Rajan Madhu, Hindiston savdo-sanoat palatalari Assotsiatsiyasi prezidenti Sandip jajodiya, Hindiston savdo-sanoat palatalari federatsiyasi bosh direktori Ambika Sharma bilan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o`tkazdi.

Muzokaralar chog`ida iqtisodiy va boshqa sohadagi aniq qo`shma loyihalarni amalga oshirishga urg`u bergan holda O`zbekiston va Hindiston o`rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O'tgan haftada Toshkentda O`zbekiston - Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo`mitasining Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha kichik qo`mitasi majlisi bo`lib o`tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning iqtisodiyot, savdo, sarmoya, neft-gaz, eksport, mashinasozlik, elektrotexnika, qishloq va suv xo`jaligi, yuqori texnologiyalar, sayyohlik, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalar uchun mas`ul vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, kichik qo`mita hamraisi Elyor G`aniev ikki mamlakat o`rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo`layotganini alohida ta`kidladi.

Yig'ilishda so'z olgan Xitoy Xalq Respublikasi tijorat vaziri o`rinbosari, kichik qo`mita hamraisi Fan Aytsin, Xitoyning O`zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratishini aytar ekan, Xitoy ishbilarmonlarining O`zbekistondagi sheriklari bilan hamkorlik o`rnatishga, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlashga qiziqishi yil sayin ortib borayotganligini takidladi.

Fan Aytsin, ko`plab sohalarda, jumladan, ilm-fan, madaniyat va sayyohlik kabi jabhalarda ulkan salohiyatga ega O`zbekiston bilan savdo, iqtisodiyot, sog`liqni saqlash, qishloq xo`jaligi, chorvachilik, texnika va texnologiyalar yo`nalishlarida uzoq muddatli aloqalarni yo`lga qo`yish va kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini malum qildi.

Xitoy delegatsiyasi O`zbekistonning sanoat salohiyati, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning puxta ishlab chiqilgan mexanizmi, iqtisodiy zonalardagi keng imkoniyatlar va imtiyozlar bilan tanishtirildi.

Anjumanda o`zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, xamkorlikdagi ishlatmalar sonini va o`zaro savdodagi mahsulotlar turini ko`paytirish masalalariga e`tibor qaratildi.

Xitoy delegatsiyasi a`zolari O`zbekistonning turli vazirlik va idoralarida o`zaro hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirishga oid masalalar yuzasidan muzokaralar o`tkazdi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Kon , #İsh , #Xabarlar

Aloqador xabarlar