Marg‘ilonda "Atlas bayrami" V xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali bo'lib o'tdi

Marg‘ilon shahri chinakam ma’noda O'zbekistonning xon atlas-u adraslarga, beqasam-u shoyi matolarga burkangan shahri hisoblanadi. Dunyoning yigirmadan ortiq davlatidan kelgan mehmonlar o'zbek milliy liboslaridan harid qilmasdan ketishmaydi.

1902373
Marg‘ilonda "Atlas bayrami" V xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali bo'lib o'tdi

 

O'zbekistonning Marg‘ilon shahrida "Atlas bayrami" V xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali bo'lib o'tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, festivalning ochilish marosimida Butunjahon hunarmandlar kengashi Prezidenti Saad al-Qaddumiy shahar hokimi Adham Ziyovuddinovga Marg‘ilon shahri World Crafts Council tarmog‘iga kirganligi to‘g‘risidagi sertifikatni topshirdi.

Bu Marg‘ilonning o‘zbek hunarmandchiligi an’analarini saqlashdagi rolini yanada oshirdi.

Festival o‘yin-kulgilarga, yorqin taassurotlarga boy bo‘ldi. Xorijlik mohir dizaynerlar, taniqli madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar, ellikdan ortiq respublika va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari Erkin Vohidov nomidagi “Ijodkorlar bog‘i”da o‘tkazilgan xalq sayillari, kurash musobaqalari, dorbozlik, qo‘g‘irchoqbozlik tomoshalari, hunarmandchilik buyumlari namoyishlarida ishtirok etdi. 

Festival tadbirlari “Yodgorlik” korxonasi, “Hunarmandlar markazi”da davom etdi. An’anaviy mato to‘qimachiligi bo‘yicha mahorat darslari, mahalliy va xorijiy dizaynerlarning liboslar namoyishlari, to‘quvchi ustalar tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar, ko‘rgazma va ilmiy-amaliy anjumanlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. 

–Bu yerda dunyo ahlini hunarmandchilik degan yuksak san’at jamlab turibdi, – deydi qirg‘izistonlik Aygul Jumaboyeva. – Biz uchun mahorat darslari ayni muddao bo‘ldi. “Yodgorlik” korxonasida an’anaviy mato to‘qimachiligi bo‘yicha o‘tilgan mahorat darslarida bilim va tajribamizni oshirdik. Mahoratli trenerlar o‘tilgan mashg‘ulotlarda tabiiy ranglardan foydalanish mahsulot sifatiga ta’sir qiladigan omil ekanligi haqida ta’kidlashdi. 

“Atlas bayrami” V xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali 22 oktyabrgacha davom etib, festival doirasida “Buyuk ipak yo‘li vorislari» ko‘rgazmasining ochilish marosimi, Yevropa, Osiyo va Tinch okeani mintaqasidan tashrif buyurgan dizaynerlarning liboslar namoyishi, Oltiariq uzumi, Quva anori, qovun sayli va osh tayyorlash musobaqalari va an’anaviy to‘qimachilikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazildi.


Tanlangan kalimalar: #Atlas bayrami , #Marg'ilon , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar