O'zbekistonda ulug’ sarkarda Jaloliddin Manguberdi haykali ochildi

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali ochilish marosimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.

1873456
O'zbekistonda ulug’ sarkarda Jaloliddin Manguberdi haykali ochildi

 

Bugun, 29 avgust kuni O’zbekistonning Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasi ochildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali ochilish marosimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.

Prezident jamoatchilik vakillari bilan birgalikda ulug’ sarkarda Jaloliddin Manguberdi haykalini ochdi. Davlat madhiyasi yangradi.

Davlat rahbari o‘z nutqida sarkardaning shaxsiyati, tarixda tutgan o‘rnini alohida e’tirof etdi.

“Jaloliddin Manguberdi el-yurt istiqloli uchun kurashgan, shu yo‘lda aziz jonini qurbon qilgan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir. Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida Jaloliddin Manguberdiga teng keladigan ulug‘ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Jaloliddin 1198 yilda tug‘ilgan va qisqa umri davomida tarixda unutilmas iz qoldirgan qahramon shaxsdir. U mo‘g‘ullar qo‘shini dahshatidan hamma o‘zini olib qochgan paytda, atigi 21 yoshida qo‘rqmasdan maydonga chiqqan. 11 yil davomida mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi 300 dan ortiq janglarda ishtirok etib, ularni titratgan. Hatto Chingizxondek buyuk hukmdor ham uning matonatini ko‘rib: “Bunday qahramon farzandi bor ota naqadar baxtlidir”, deb tan bergan.

Jasur shahzoda taqdirning qaltis sinovlarini mardona yengib o‘tib, 32 yoshda xoinlar qo‘lida halok bo‘lgan.

Prezident buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish, uni ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish zarurligini ta’kidladi.

Ma’lumotga ko’ra, ilmiy izlanishlar natijasida Turkiyada uning qabri topildi. Davlat rahbari turk qardoshlar bilan birga u yerda ramziy maqbara bunyod etish taklifini bildirdi.

Fidoyi olim va adiblarning ilmiy-ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, Jaloliddin Manguberdining qahramonlik tarixini to‘laqonli yoritib beradigan ilmiy ensiklopediya yaratish muhim vazifa ekani qayd etildi.

 

 



Aloqador xabarlar