Istanbulda "O‘zbekiston yoshlari forumi – Turkiya" tadbiri o'z nihoyasiga yetdi

Tadbirda Turkiyaning Anqara, Bartin, Bursa, Izmir, Istanbul, Karabyuk, Konya, Samsun va boshqa shaharlaridagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 500 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba-yoshlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

1752655
Istanbulda "O‘zbekiston yoshlari forumi – Turkiya" tadbiri o'z nihoyasiga yetdi

 

Turkiyaning Istanbul shahridagi Yildiz texnik universiteti Kongress-markazida O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakilligi tomonidan  "Yangi O‘zbekiston — yangi g‘oyalar!" shiori ostida "O‘zbekiston yoshlari forumi – Turkiya" tadbiri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, "O‘zbekiston yoshlari forumi — 2021" doirasida tashkil etilgan tadbirda Turkiyaning Anqara, Bartin, Bursa, Izmir, Istanbul, Karabyuk, Konya, Samsun va boshqa shaharlaridagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy izlanishlar o‘tkazayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan 500 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba-yoshlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Forumni O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakili, iqtisod fanlari doktori Ergash Jumayev ochib berdi.

Xususan, “Uchinchi Renessans” yo‘nalishida doktor Saidbek Boltaboyev va Istanbul davlat universiteti doktoranti, tilshunos Gulnoza Saidova, “Kelajak liderlari” sho‘’basida iqtisodchi, Istanbul universiteti doktoranti Sarvarbek Nazarov hamda “M-Faktor” a’zosi, O‘zbekiston soliq qo‘mitasi raisining maslahatchisi Murodjon Muhammadjonov, New media tarmog‘ida taniqli jurnalist va suxandon, Kastamonu universiteti magistranti Abdukarim Mirzayev hamda “Yosh ijodkorlar” sho‘’basida jurnalist, tarjimon va shoir, Istanbul universiteti doktoranti Otabek Tillayev boshchiligida yoshlar o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazishlarini ma’lum qildi.

Turkiyada tahsil olayotgan yoshlar va O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev o‘rtasida onlayn-muloqot tashkil etildi. Unda yoshlar o‘qish, malaka oshirish va Turkiyaning ilg‘or yutuqlarini O‘zbekistonda joriy etish kabi masalalar yuzasidan taklif va mulohalarini ilgari surdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Forum davomida O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli Amirsaid A’zamxo‘jayev, Turkiya madaniyat vazirligining Chet eldagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasi Istanbul koordinatori Emre Oruch, Turkiy davlatlar tashkiloti vakili Bobur Tagayev so‘zga chiqdi. Yoshlar bilan suhbat davomida Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi borasida atroflicha ma’lumot berildi.

Forum yakunida har bir sho‘’ba bo‘yicha beshtadan loyiha mualliflari g‘olib deb topildi va taqdirlandi. Shuningdek, spikerlar, faol yoshlar, moderatorlar hamda viktorina va tanlovlar g‘oliblari, ijtimoiy tarmoqlarda forum bo‘yicha eng yaxshi chiqishlar qilgan ishtirokchilarga homiylarning sovg‘alari topshirildi. Bundan tashqari, Turkiyadagi yilning eng yaxshi yetakchisi, eng yaxshi blogeri, eng yaxshi inflyuyenseri, eng yaxshi yosh volontyori kabi nominatsiyalar g‘oliblariga ham O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining sovg‘alari topshirildi.



Aloqador xabarlar