Turkiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi

O'zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxonasi, O‘zbekiston madaniyat vazirligi, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Anqara va Istanbul shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari tashkil etildi.

1750912
Turkiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi

 

O'zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxonasi, O‘zbekiston madaniyat vazirligi, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Anqara va Istanbul shaharlarida 14-17 dekabr kunlari O‘zbekiston madaniyati kunlari tashkil etildi.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad - xalqlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlik va muloqotning barcha shakllarini rivojlantirish, madaniy yutuqlarni o‘zaro almashish, birgalikdagi ijodiy faoliyatni va sanʼatni rag‘batlantirish, milliy madaniyatlarning o‘zaro boyishiga faol ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston madaniyati kunlarining tantanali ochilishi munosabati bilan Anqara shahrida o‘zbek sanʼatkorlari ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Olimjon Mirzayev, O'zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Aʼzamxo‘jayev, Turkiya madaniyat vaziri o‘rinbosari O‘zgul O‘zkan Yavuz, Turkiya davlat va jamoat tashkilotlari, xorijiy diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda Anqarada taʼlim olayotgan va mehnat faoliyatini yuritib kelayotgan o'zbek vatandoshlar ishtirok etdi. 

Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari O‘zgul O‘zkan Yavuz tarixi, madaniyati va sanʼati bir-biriga uyg‘un bo‘lgan ikki millatning madaniy aloqalari, hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarning natijalari xususida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga “bu kabi tadbirlar madaniy aloqalarni mustahkamlash barobarida ikki millat o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini ham yuksaltiradi”, -deb taʼkidladi.

Mazkur tadbir ishtirokchilari “O‘zbekiston - Ipak yo‘lining qalbi” nomli fotoko‘rgazma bilan ham tanishdi.

Istanbul shahrida ham o‘zbek sanʼatkorlari chiqishlari tomoshabinlar tomonidan iliq va jo‘shqin kutib olindi, ularda unutilmas taassurot qoldirdi.

Madaniy anjuman doirasida O‘zbekiston delegatsiya aʼzolari Turkiya madaniyat va turizm vazirligi, “TURKSOY” xalqaro tashkiloti, Turkiya milliy kutubxonasi, Prezident Simfonik orkestri, Anado‘li muzeyi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. 



Aloqador xabarlar