Turkiyada O‘zbekiston madaniyati va san’ati taqdim etildi

O'zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda Istanbul tijorat universitetida O‘zbek tili bayrami kuni va O‘zbekiston davlat bayrog‘i kuni munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazdi.

1737818
Turkiyada O‘zbekiston madaniyati va san’ati taqdim etildi

 

O'zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda Istanbul tijorat universitetida O‘zbek tili bayrami kuni va O‘zbekiston davlat bayrog‘i kuni munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazdi.

Tadbirda 250ga yaqin ishtirokchi, jumladan, Istanbul tijorat universiteti rektori Yujer Ug‘urlu, Turkiyaning eng yirik xususiy media-markazlardan biri bo‘lgan DHA axborot agentligi bosh mudiri Jelal Korkut, Turkiya xorijiy talabalar birlashmasi koordinatori Emre Oruch, nufuzli oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, mahalliy jurnalist va blogerlar, turk kino yulduzlari, Karabuk, Kojaeli, Tekirdog‘, Sakarya, Bursa universitetlaridagi talabalar qatnashdi.

Anjumanni Yujer Ug‘urlu o‘zbek tilida tabrik nutqi bilan ochib, tilning insoniyat rivojlanishidagi o‘rni, o‘zbek tilining boyligi va go‘zalligi haqida so‘z yuritdi. Turkiy tillarning lingvistik jihatdan xolis va yetarli darajada o‘rganilmagani, lekin so‘nggi vaqtlarda bu borada O‘zbekiston tomonidan sezilarli sa’y-harakatlar qilinayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga Turkiya xorijiy talabalar birlashmasi koordinatori Emre Oruch yig‘ilganlarni qo‘shaloq bayram bilan tabriklab, o‘zbek tili va madaniyatining mintaqada o‘ziga xos o‘ringa egaligini bildirdi.

Bosh konsulxona xodimi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 23 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marta davlat tili – o‘zbek tilida nutq so‘zlagani, butun dunyo bo‘ylab 50 milliondan ziyod insonning ona tilida so‘zlangan bu nutq nafaqat O‘zbekiston, balki butun turkiy tilli davlatlar, turkiy tillarda so‘zlashuvchilar tomonidan ham munosib kutib olinganini alohida urg‘uladi.

O'zbekiston bayrog‘ining nufuzli xalqaro tashkilotlar, O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatiya vakolatxonalari qarshisida hilpirab turishi barcha uchun o‘zgacha hissiyot ulashishi ta’kidlandi.

Bayram kechasida talabalar, taniqli jurnalist va blogerlar, san’at ustalari so‘zga chiqdi. Shuningdek, Turkiyada istiqomat qilayotgan fuqarolar farzandlari tilidan yangragan she’r va tabriklar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbir so‘ngida madaniy dastur taqdim qilindi hamda bayramona dasturxon yozilib, o‘zbek milliy taomlari tortiq etildi.



Aloqador xabarlar