Misrda O‘zbekiston milliy madaniyati taqdimoti o‘tkazildi

Qohirada o‘zbekistonlik xotin-qizlar tomonidan O'zbekiston  Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan o'zbek xalqi milliy urf-odatlari va taomlarini namoyish etuvchi madaniy tadbir o‘tkazildi.

1736696
Misrda O‘zbekiston milliy madaniyati taqdimoti o‘tkazildi

 

O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi ishtirokida Misrning "Al-Azhar" diniy majmuasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik xotin-qizlar tomonidan O'zbekiston  Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan o'zbek xalqi milliy urf-odatlari va taomlarini namoyish etuvchi madaniy tadbir o‘tkazildi.

Ushbu marosimda «Al-Azhar» diniy majmuasi rahbariyati, muassasada tahsil olayotgan Malayziya, Indoneziya, Nigeriya va boshqa qator davlatlardan talaba xotin-qizlar qatnashdi.

Tadbir avvalida o‘zbek ayollari faoli Muqaddas Haydarova O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan O'zbekiston razmi va uning tarixi haqida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berdi.

Yurtdoshlar tomonidan tayyorlangan milliy urf-odatlar, xususan, o‘zbek kelinlari tarbiyasi, oila odobi to‘g‘risidagi sahna chiqishlari mehmonlarga manzur bo‘ldi. 

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarni tarbiyalab voyaga yetkazgan o‘zbek ayollarining oiladagi o‘rni va qadri xorijliklar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Ayniqsa, misrlik va boshqa yurt vakillari o‘zbek milliy pazandachiligiga yuqori baho berib, palov, somsa, qatlama va boshqa lazzatli taomlarni tayyorlash sirlaridan voqif bo‘ldi.

"Al-Azhar" rahbariyati kelgusida bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazish, o‘zbek xalqi madaniyati va urf-odatlarini keng yoyish orqali turli millatlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashdan manfaatdorligini izhor etdi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar