Turkiyalik jurnalist O'zbekistonda "Oltin qalam" mukofotiga loyiq deb topildi

“O‘zbekistonni keng targ‘ib etish, qalamim va qalbim bilan bu yo‘lda xizmat qilish sharafli burchim”,-dedi "Oltin qalam" mukofoti sovrindori Muhammad Ruzubay.

1633777
Turkiyalik jurnalist O'zbekistonda "Oltin qalam" mukofotiga loyiq deb topildi

 

"Oltin qalam" XV milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining «Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun» nominatsiyasi g‘olibi, "Bussines Turk" jurnali muharriri Muhammad Ruzubay “Dunyo” AA uchun o‘z fikr-mulohazalarini yo‘lladi. 

"Ota yurtim — O‘zbekiston tomonidan menga taqdim etilgan "Oltin qalam" mukofoti uchun qardosh o‘zbek xalqiga, O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasiga kamtarona mehnatimga berilgan yuksak eʼtibor uchun samimiy minnatdorligimni bildiraman.

O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida bugungi dunyoda shiddatli o‘zgarishlar bo‘layotgan bir davrda men uchun bu mukofot ufqlarni yoritgan yorqin bir ziyo, samimiy sevinch hamda buyuk iftixor manbasi bo‘ldi.

O‘zbekiston - mening ota yurtim. Ajdodlarim Buxoroi Sharifda tug‘ilib o‘sgan. Ushbu muborak zaminda oliy taʼlimni olgan.  

Men ham ularning izidan borib turkiy dunyoning madaniyat va maʼrifat beshigi bo‘lgan O‘zbekistonni keng targ‘ib qilishni, qalamim va qalbim bilan bu yo‘lda xizmat qilishni o‘zimning sharafli burchim, deb bilaman. Bundan keyin bu yo‘ldagi ijodiy  faoliyatimni katta hayajon va muhabbat bilan davom ettiraman.

Jurnalistika sohasiga qadam qo‘yganimga hademay 27 yil to‘ladi. Ilk maqolalarim O‘zbekiston hayoti, xususan, buyuk ajdodlarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy va dunyo gavharlari — Samarqand va Buxoroga bag‘ishlangan edi.

Hozirgi kunda ham buyuk imomlarimiz, sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy, Sohibqiron Amir Temur tomonidan qoldirilgan bebaho merosni  dunyo jamoatchiligiga tanishtirishni o‘zimning sharafli  burchim, deb bilaman.

Bundan keyin ham O‘zbekistonga bo‘lgan mehrimni namoyon qilishda davom etaman, inshaalloh. Mamlakatingiz yutuqlari va tarixiy merosini keng jamoatchilikka, turkiy dunyo davlatlariga tanishtirib borishni o‘zim uchun hayotiy vazifa hisoblayman",-dedi "Oltin qalam" XV milliy mukofoti sovrindori Muhammad Ruzubay.



Aloqador xabarlar