Xorvatiyada “Xiva – Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” nomli tadbir bo‘lib o‘tmoqda

Tadbirda qadim va navqiron Xivaning boy tarixiy, madaniy merosi, turistik salohiyati targ‘ib etildi. Riyeka shahrining markaziy maydonida o‘rnatilgan 15 ta pannoda Xivaning maftunkor fotosuratlari, qadimiy shahar haqidagi maʼlumotlar  joylashtirildi.

1622175
Xorvatiyada “Xiva – Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” nomli tadbir bo‘lib o‘tmoqda

 

Xorvatiyaning Riyeka shahrida “Xiva – Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” deb nomlangan xalqaro taqdimot bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirda qadim va navqiron Xivaning boy tarixiy, madaniy merosi, turistik salohiyati targ‘ib etildi. Riyeka shahrining markaziy maydonida o‘rnatilgan 15 ta pannoda Xivaning maftunkor fotosuratlari, qadimiy shahar haqidagi maʼlumotlar  joylashtirildi.

Xorvatiyadagi taqdimot TURKSOY va Yevropa kengashi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirildi. Riyeka shahri 2020 yilda “Yevropaning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilingan.

Taqdimot ochilish marosimida TURKSOY Bosh kotibi Dusen Kaseinov, Riyeka shahri meri Voyko Obersnel, O‘zbekiston madaniyat vazirligining xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Shohrux Akbarov,  OAV va Riyeka shahridagi o‘zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.

Xiva shahri fotosuratlari va ushbu madaniyat o‘chog‘i haqidagi maʼlumotlar Yevropa ahlida katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir davomida, shuningdek,  madaniyat va turizm sohalarida o‘zaro foydali hamkorlik loyihalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Riyeka shahridagi xalqaro taqdimot 16 aprelgacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik doirasida Xiva shahri O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019 yili “Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” deb, eʼlon qilingan edi. Shu munosabat bilan tuzilgan xalqaro dastur elchixona tomonidan TURKSOY va Turkiya madaniyat va turizm vazirligi ko‘magida amalga oshirib kelinmoqda. Dasturda Xivani nafaqat turkiy dunyo mamlakatlarida, balki xalqaro maydonda keng targ‘ib etish ko‘zda tutilgan.



Aloqador xabarlar