Turkiyadagi gazeta O‘zbekiston ziyorat turizmi haqida maqola chop etdi

Turkiyaning markaziy nashrlaridan biri bo‘lgan “Turkiye” gazetasida “Gezi” (sayohat) rukni ostida O‘zbekistonga bag‘ishlangan “O‘zbekiston – otayurtimiz, e’tiqodimiz beshigi” nomli maqola gazetxonlar e’tiboriga havola qilindi.

1601043
Turkiyadagi gazeta O‘zbekiston ziyorat turizmi haqida maqola chop etdi

 

 

O‘zbekistonning turizm sohasidagi mavjud imkoniyatlari, shu jumladan, ziyorat turizmi salohiyatini keng targ‘ib qilish va rivojlantirish bilan bog‘liq kompleks chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Xususan, Turkiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalarida O’zbekiston, shu jumladan, Buxoro viloyatining jozibadorligi haqida qator materiallar chop etildi.

Turkiyaning markaziy nashrlaridan biri bo‘lgan “Turkiye” gazetasida “Gezi” (sayohat) rukni ostida O‘zbekistonga bag‘ishlangan “O‘zbekiston – otayurtimiz, e’tiqodimiz beshigi” nomli maqola gazetxonlar e’tiboriga havola qilindi.

Maqolani tayyorlash va chop etishda taniqli sharhlovchi Merem Aybuke Sinan faol ishtirok etdi. Ushbu materialda O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi salohiyati keng yoritilgan, mavjud imkoniyatlar haqida so‘z yuritilgan, bu borada batafsil ma’lumotlar taqdim etilgan. Materialda  Buxorodagi qadamjolar, xususan, yetti pir ziyoratgohlariga alohida e’tibor qaratilgan. Maqola O’zbekistondagi qadamjolarning rang barang fototasvirlari bilan bezatilgan.

Muallif O’zbekistonning Anqaradagi elchixonasi yordamida O‘zbekistonga amalga oshirgan sayohati haqida qiziqarli hikoya taqdim etgan. Jurnalist bir haftalik sayohat O‘zbekistonni kashf qilish uchun yetmasligini bildirib, O’zbekistonga takroran kelishini aytgan va o‘z vatandoshlarini ham ziyoratga chorlagan.

O‘zbekiston qadimdan boy ma’naviy-tarixiy merosi, rivojlanib borayotgan turizm salohiyati xorijdagi mamlakatlarda tobora katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ayniqsa, Turkiyada O‘zbekistonga bo‘lgan e’tibor butunlay boshqacha, deyish mumkin. Xususan, Yevropa va boshqa qit’alar aholisi uchun mamlakat Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi sifatida tanish bo‘lsa, Turkiyada bunga qo‘shimcha tarzda O‘zbekiston qadim turkiy xalqlar yashagan diyor, ya’ni otayurt, hamda tasavvuf, moturudiylik, naqshbandiylik asoschilari, e’tiqod ustunlari yashab, ijod qilgan ziyoratgoh sifatida ham ma’lum va mashhurdir, deb ta’kidlanadi maqolada.


Tanlangan kalimalar: #ziyorat turizmi , #O'zbekiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar