O'zbekistonda Imom Buxoriy majmuasi qayta rekonstrutsiya qilinadi

Majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi ko‘rinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi.

1588402
O'zbekistonda Imom Buxoriy majmuasi qayta rekonstrutsiya qilinadi

 

Imom Buxoriy majmuasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar masʼullari, Samarqand viloyati jamoatchiligi vakillari va oqsoqollar ishtirokida loyihani amalga oshirish oldidan tadbir o‘tkazildi.

Samarqand viloyati hokimligi maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda Imom Buxoriy majmuasini qayta rekonstrutsiya qilish loyihasi haqida jamoatchilikka batafsil maʼlumot berildi.

Avval xabar qilinganidek, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni Samarqandning turizm salohiyati, shu jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi.

Mazkur taqdimot chog‘ida islom olamidagi eng muqaddas qadamjolardan biri – Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofida amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida maʼlumot berildi. Davlatimiz rahbari ushbu ziyoratgohda olib borilishi rejalashtirilgan loyiha bo‘yicha yana bir bor o‘z tavsiyalarini bildirib, mutasaddilarga zarur topshiriqlar bergan edi.

Majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi ko‘rinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish uchun yetarli sharoit mavjud emas edi. Yangi loyihada qabr atrofini kengaytirib ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish ko‘zda tutilgan.  

Sakkiz ming o‘rinli muhtasham masjid quriladi. Majmua atrofida to‘rtta ulkan minora qad rostlaydi. O'zbek xalqiga xos turmush tarzidan kelib chiqib, hozirgi ayvonlarga qo‘shimcha ravishda ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi.  

Mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andozalarga to‘la mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiyena shoxobchalari quriladi.

Yana bir eʼtiborli tomoni, majmuada qurilish-bunyodkorlik ishlari jarayonida bu yerdagi tarixiy buloq va bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon yetkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, o‘z holida saqlash uchun barcha zarur choralar ko‘riladi.

Majmuada amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari maxsus tashkil etilgan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tashkil etiladi.

Muloqot chog‘ida mazkur muqaddas qadamjoni nafaqat xalqimiz, balki dunyo ahli kelib, ziyorat qiladigan maskanga aylantirishga davlatimiz rahbari doimiy ravishda alohida eʼtibor qaratayotgani taʼkidlandi.  

Jamoatchilik vakillari Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu xayrli ish ushbu muqaddas zaminda yetishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy-maʼnaviy merosidan dunyo ahlini bahramand etish, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishini va bu savobli ishga o'zbek xalqi ham faol ishtirok etishini bildirdi.

 

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Imom Buxoriy maqbarasi

Aloqador xabarlar