Turkiyaning madaniy xazinalari 23-qism

Turkiyaning Bursa shahrida qad rostlagan tarixiy Ulug’ jome’ haqida ma’lumot...

501351
Turkiyaning madaniy xazinalari 23-qism

                               

 Turkiyaning Bursa shahrida qad rostlagan tarixiy Ulug’ jome’ haqida ma’lumot...

Bir zamonlar Usmoniy xonligiga poytaxtlik qilgan Bursadagi tarixiy Ulug’ jome’ 1399 yili Yildirim Boyazid tomonidan qurdirilgan. Usmoniy xonligi Istanbulning zabt etilishi bilan ulkan imperatorlikka aylandi. Yildirim Boyazid tobora kengayib borayotgan davlatining salobatini ko’rsatish uchun ulkan jome’ qurdirishga qaror beradi. Xochlilar bilan jangga kirishdan oldin Allohga yolvoradi va agar bu urushda g’alaba qozonsa, 20 qubbali ulkan jome’ qurdirishga ont ichadi. U Xochlilar bilan bo’lgan jangda g’olib chiqadi va Allohga bergan va’dasini bajarishga kirishadi.

3 yil ichida qurib bitkazilgan jome’ din arboblari, ulamolar va davlat ziyolilari ishtirokida xizmatga topshiriladi. Qurilgan davrda islom dunyosi bo’yicha eng buyuk jome’lar orasida 5-o’rinda bo’lgan. Ibodat qilish maydoni keng bo’lgan jome’ga shimol tomonidagi asosiy darvozadan va sharqiy tomondagi ikkinchi darvozasidan kirish mumkin. Shimol tomondagi darvozasida o’rin olgan motivlar Saljuqiylarning memoriy xususiyatlaridan Usmoniy memoriy xususiyatlariga o’tish jarayonini aks ettirib turadi. Jome’ning birinchi osmono’par minorasi Yildirim Boyazid tomonidan qurdirilgan, ikkinchi minorasi esa, o’g’li Chalabiy Mehmet tomonidan qurdirilgan. 20 qubbadan tashkil topgan jome’da bir qubbaning usti yopilmagan.

Jome’da to’rtburchak shaklidagi baland ustunlarni ko’rish mumkin. Qibla tomonida esa, hashamatli mehrob mavjud. Baland yuqorigacha tutashib ketgan mehrob go’yo insonning diniy tuyg’ularini mavjlantiradi. Mehrobning o’ng tomonida joylashgan Usmoniy minbarlari astronomik ramzlari bilan katta ahamiyat kasb etadi. Sharqiy tomondagi geometrik taxta lavhalarda quyosh sistemasi, g’arb tomonida esa, osmon jismlarining tasviri o’rin olgan. Mehrobning yonidagi devorda Yovuz Sulton Selimning Misrni zabt etgach, qaytishida o’zi bilan birga olib kelgan Ka’baning niqobi osilgan. Dastlabki Usmoniy halifasi bo’lgan Yovuz Sulton Selim Ka’ba niqobini Istanbulda tikilgan boshqa niqob bilan almashtirib, eskisini Bursadagi Ulug’ jome’ga sovg’a qilgan. Halifa Ka’baning niqobini jome’ devoriga o’z qo’llari bilan duo qilgan holda joylashtirgan. Bundan tashqari, jome’ devorlarida islom dunyosining nafis xattotlik san’atining yorqin namunalarini uchratish mumkin.

Jome’ qurilayotgan paytda o’sha davrning eng muhim din arboblari ham ma’naviy yordamlarini ayamagan va ushbu ko’rkamli asarni ro’yobga chiqarish uchun katta g’ayrat sarf qilgan.

Ushbu din arboblaridan eng mashhuri va o’sha davrdagi buyuk ulamolardan biri Amir Sulton hazratlaridir. Yildirim Boyazid jome’ ishga tushirilgan kuni Amir Sulton hazratlaridan ilk hutbani o’qishini buyuradi.  Sulton Yildirim Boyazidning buyrug’iga qarshi chiqa olmagan Amir Sulton hazratlari minbarga chiqiladigan zinapoyada turib, xalqqa nazar tashlaydi. Va Boyazidga qarab: “Bu hutbani o’qish mening emas, islom olamining eng katta ulamosining haqqidir”,-deydi. Yildirim Boyazid va xalq bu so’zga hayron bo’lib qoladi.

Amir Sulton olomon ichida turgan Somunju Bobo nomi bilan tanilgan bir darvishni ko’rsatadi. Barcha hayratlanib qaray boshlaydi. Bu darvish o’zi pishirgan nonlarni xalqqa, kimsasiz insonlarga va jome’ qurilishida xizmati singan ishchilarga bepul tarqatgan kambag’al darvishlardan biridir. Bu darvish uyalib, tortinib minbarga chiqa boshlaydi. Amir Sultonning yonidan o’tib borar ekan, nega bunday qilding degandek nigoh tashlaydi.

U jome’da fotiha surasining 7 ma’nosini izohlaydi. Uni tinglagan Sulton Yildirim Boyazid va xalq hayratga tushadi va xalq orasida darvishga bo’lgan hurmat orta boshlaydi.

Xoji Bayram-i Veli bilan Istanbulni zabt etgan Fatih Sulton Mehmetning ustozi Akshamseddin bu darvishning shogirdlari bo’lib hisoblanadi.

Bursadagi Ulug’ jome’ kunimizda ziyoratchilarga to’lib toshmoqda. U yerdagi tarixiy asarlar mahalliy va xorijlik turistlar tomonidan sevib tomosha qilinmoqda.  Asosan kechalari rang-barang chiroqlar nurida Bursaning har tomonidan ko’rinib turgan Ulug’ jome’ ko’rishga arziydigan tarixiy asarlardan biridir.

 

Yo’lingiz Bursaga tushsa albatta Ulug’ jome’ni ziyorat qilishni unutmang!

 


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Bursa , #Ulug' jome' , #Usmoniy , #Boyazid

Aloqador xabarlar