Bayden Netanyaxuga Rafahga hujum qilmaslikni maslahat berdi

Kecha, 15 fevral kuni Bayden va Netanyaxu HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish, shuningdek, anklavga gumanitar yordam yetkazish istiqbollarini muhokama qildi.

2103097
Bayden Netanyaxuga Rafahga hujum qilmaslikni maslahat berdi

 

AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga tinch aholini himoya qilish bo‘yicha aniq rejalarsiz G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida harbiy operatsiya o‘tkazmaslikni tavsiya qildi.

Bu haqda Oq uy matbuot xizmati tarqatgan bayonotda aytiladi.

Hujjatga ko‘ra, kecha, 15 fevral kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati chog‘ida Bayden va Netanyaxu HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish, shuningdek, anklavga gumanitar yordam yetkazish istiqbollarini muhokama qilgan.

“Prezident Rafahdagi vaziyatga to‘xtalib, harbiy amaliyotlar tinch aholini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishonchli va amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan rejasiz boshlanmasligi kerak, deb hisoblashini ta’kidladi”, deyiladi bayonotda.

Ma'lumki, G'azoga qilgan hujumi va ishg'olida o'n minglab falastinlikni o'ldirgan Isroil, mintaqaning shimoliy va markaziy qismlarida aholining katta qismini Misr chegarasidagi Rafah shahrida to'plashga majbur qildi.

Isroil endi hujumlar davomida shimoldagilar uchun xavfsiz hudud deb e'lon qilgan janubiy mintaqani quruqlik orqali ishg'ol qilib, u yerdan aholini kuch bilan olib chiqmoqchi. Rafahda 1 million 400 mingga yaqin tinch aholining qamalda qolgani taxmin qilinmoqda.

Xalqaro hamjamiyat Isroilni Rafahga keng qamrovli hujum yangi va katta fojiaga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

Eslatma: 12 fevralga o‘tar kechasi Isroil qurolli kuchlari Rafahga yirik zarbalar bergandi. Portlashlar oqibatida 100 kishi halok bo‘lgan, 230 dan ortiq kishi jarohatlangandi.


Tanlangan kalimalar: #G'azo , #Netanyaxu , #Jo Bayden

Aloqador xabarlar