Vitse-prezident Harris Baydenning o‘rnini egallashga tayyor

Bu haqda u kecha, 12 fevral kuni “The Wall Street Journal” (WSJ) gazetasi muxbirlari bilan suhbatda ma'lum qildi.

2101354
Vitse-prezident Harris Baydenning o‘rnini egallashga tayyor

 

AQSH vitse-prezidenti Kamola Harris zarurat tug‘ilsa, davlat rahbari lavozimini egallashga tayyor.

Bu haqda u kecha, 12 fevral kuni “The Wall Street Journal” (WSJ) gazetasi muxbirlari bilan suhbatda ma'lum qildi.

"Men xizmat qilishga tayyorman. Bunga hech qanday shubha yo‘q", deydi u saylovchilarning AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Baydenning yoshi haqidagi xavotirlariga izoh berish so‘roviga javob berar ekan.

Harrisning so‘zlariga ko‘ra, Baydenni ish joyida ko‘rgan har bir kishi uning yetakchilik qobiliyatini anglab yetadi. WSJ’ning Demokratlar partiyasidagi manbalariga ko‘ra, demokratlar yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlarida Baydenni boshqa nomzod bilan almashtirish borasida jiddiy suhbatlar o‘tkazmayapti.

Agar 81 yoshli Jo Bayden har qanday sababga ko‘ra, bu yilgi saylovdan chiqishga qaror qilsa, vitse-prezident Kamola Harris avgust oyida bo‘lib o‘tadigan Demokratik partiyaning Milliy qurultoyida uning o‘rnini egallash uchun ko‘pchilik demokrat delegatlarning qo‘llab-quvvatlashini qozonishi kerak bo‘ladi. 

“Agar qurultoydan keyin Prezident o‘z nomzodini qaytarib olsa, uning saylovdagi vorisi Demokratlar partiyasi milliy qo‘mitasi tomonidan aniqlanadi”, deb yozadi WSJ.

AQSh maxsus prokurori Robert Xur prezident Jo Bayden o‘z uyidagi maxfiy hujjatlarni “bilib turib” saqlaganini, biroq tergovda hamkorlik qilgani, hujjatlarning tafsilotlarini eslay olmaydigan darajada uning xotirasi juda zaif bo‘lgani uchun ham unga qarshi ayblov qo‘ymasligini ma’lum qilgandi.

Qayd etish joizki, Oq uy Prezident Baydenning xotirasi bilan bog‘liq muammolar borligini inkor etsa-da, u ommaviy chiqishlarida xato qilishda davom etmoqda. Masalan, yaqinda Nyu-Yorkda o‘zining prezidentlik kampaniyasi uchun pul yig‘ilayotgan ziyofat chog‘ida Jo Bayden Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel va Gelmut Kolni chalkashtirib yubordi. Bundan tashqari, Amerika yetakchisi o‘zining so‘nggi chiqishlarida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronni marhum Fransua Mitteran bilan adashtirib yuborgan, shuningdek, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisini Meksika rahbari deb atagan.


Tanlangan kalimalar: #Kamola Harris , #Jo Bayden , #AQSh

Aloqador xabarlar