Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili iste’foga chiqmasligini aytdi

Bu haqda u kecha, 7 sentyabr kuni Gruziya televideniyesining Birinchi kanali orqali efirga uzatilgan telemurojaatida aytdi.

2034890
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili iste’foga chiqmasligini aytdi

 

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili hukmron partiyaning unga nisbatan impichment e’lon qilishga urinishlari fonida iste’foga chiqmoqchi emasligini ma'lum qildi.

Bu haqda u kecha, 7 sentyabr kuni Gruziya televideniyesining Birinchi kanali orqali efirga uzatilgan telemurojaatida aytdi. 

"Men hech qayerga ketmayman... O‘ylashimcha, hamma mening iste’foga chiqishim bo‘yicha umidlarni unutishi kerak. Men shu yerdaman, lekin kerakli joyga boraman, chunki bu mening eng oliy konstitutsiyaviy burchimdir", - deya ta’kidladi Zurabishvili. 

Zurabishvili faqat Gruziya xalqi oldida javob berishini ta’kidladi. 

"Men faqat sizning oldingizda javob beraman, chunki siz meni tanladingiz va bu tanlov uchun men katta mas’uliyatni his qilyapman. Siz meni tanladingiz, men butun umrim davomida Yevropa tarafdori bo‘lib kelganman, Gruziyaning Yevropa kelajagini qo‘llab-quvvatlaganman", - dedi mamlakat prezidenti.

Sentyabr oyi boshida hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi Zurabishviliga qarshi impichment jarayonini boshlagan edi. Davlat rahbari hukumat ruxsatisiz Yevropaga turnega chiqib, Konstitutsiyani buzganlikda ayblangan. Chunki Zurabishvili Berlinga borib, u yerda Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan ko‘rishgan va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan uchrashish uchun Bryusselga yo‘l olgan. Prezident Gruziyaga Yevropa Ittifoqiga nomzodlik maqomi berilishini qo‘llab-quvvatlash uchun Germaniyaga borgan.

Gruziya konstitutsiyasiga ko‘ra, tashqi va ichki siyosatni mamlakat hukumati amalga oshiradi va agar hukumat Prezidentga ma’lum vakolatlar bergan bo‘lsa, u holdagina davlat rahbari ularni amalga oshirishi mumkin.

Konstitutsiyaviy sud Prezident qonunbuzarlik qilganmi yoki yo‘qmi, buni hal qilishi kerak. Agar sud bu faktni tasdiqlasa, masala parlament muhokamasiga kiritiladi. Impichment jarayonini yakunlash uchun qarorni deputatlarning kamida uchdan ikki qismi, ya’ni 150 nafardan 100 nafari qo‘llab-quvvatlashi kerak. Hukmron partiya hozirda atigi 82 deputatlik mandatiga ega.


Tanlangan kalimalar: #Gruziya

Aloqador xabarlar