Shimoliy Koreyada koronavirus bilan bog'liq birinchi holat aniqlandi

Kim Chen In epidemiya tarqalishining oldini olish uchun mamlakatning barcha viloyat va tumanlarida “komendantlik soati” joriy etishga chaqirdi.

1826164
Shimoliy Koreyada koronavirus bilan bog'liq birinchi holat aniqlandi

 

Shimoliy Koreyada koronavirus infeksiyasi bilan bog'liq birinchi holat aniqlandi.

Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi bugun, 12 may kuni xabar berdi.

“Mamlakatda yirik favqulodda holat yuz berdi, 2020 yilning fevral oyidan boshlab ikki yilu uch oy davomida ishonchli himoyalangan epidemiyaga qarshi front buzildi. 8 may kuni poytaxtda to‘plangan namunalar tahlillari natijalari sinchiklab o‘rganilgandan so‘ng, ular so‘nggi paytlarda butun dunyo bo‘ylab tez tarqalayotgan “omicron” BA.2 shtammining kichik turiga to‘g‘ri kelishi aniqlandi”, deyiladi xabarda.

Shu munosabat bilan Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosining yig‘ilishi chaqirilib, unda KXDR yetakchisi Kim Chen In ishtirok etgan. 

“Xavfsizlik bo‘shliqlarining oldini olish uchun hamma narsani qilishimiz kerak, biz chegaralarda koronavirusga qarshi kurash ishini faollashtirishimiz kerak”, degan u.

Xabarda qancha holat aniqlangani haqida ma'lumot berilmagan bo'lsa-da, bu holatlar Omicronning "BA.2" deb nomlanuvchi subvariantlari ekanligi aytilgan.

Bungacha mamlakat rasmiylari koronavirus bilan kasallanish holatlari aniqlangani haqida xabar bermagan edi.

Koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan keyin Kim Chen In mamlakatning barcha shahar va tumanlarida karantin joriy etishni buyurgan. Uning ta’kidlashicha, “mamlakatning barcha shahar va tumanlarida ehtiyotkorlik bilan blokirovka qilish orqali virus tarqalishini to‘liq to‘xtatish” zarur. Bundan tashqari, u “xo‘jalik va ishlab chiqarish faoliyatini har bir korxona va turar-joy binosi izolyatsiya qilinadigan tarzda tashkil etishga” ko‘rsatma bergan.

Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylarning vazifasi virusni imkon qadar tezroq “yo‘q qilish”, tezkor davolashni tashkil etish va tarqalishining oldini olishdan iborat.

Epidemiya yengib o‘tishini ta’kidlagan Kim, tibbiyot xodimlarini ish joylari va uylarda dezinfeksiya ishlarini tezlashtirishga, epidemiyaga qarshi barcha tibbiy asbob-uskunalar va jihozlardan foydalanishga chaqirdi.

Pandemiya sharoitida KXDR hukumati 2020 yil boshida mamlakatni infeksiyadan himoya qilish, jumladan, davlat chegaralarini yopish uchun favqulodda choralar ko‘rgandi.

 


Tanlangan kalimalar: #koronavirus , #Shimoliy Koreya

Aloqador xabarlar