Isroildagi qamoqxonadan olti nafar falastinlik mahkum qochib ketdi

Mahkumlar qamoqxona ichidan qazilgan 10 metrlik tunnel orqali qochishga muvaffaq bo‘lgan. Mahbuslarning g‘oyib bo‘lgani tungi soat 3:25 da aniqlangan.

1703224
Isroildagi qamoqxonadan olti nafar falastinlik mahkum qochib ketdi

 

Bugun, 6 sentyabrga o’tar kechasi Isroildagi “Gilboa” qamoqxonasidan terrorchilik moddalari bo‘yicha jazo o‘tayotgan olti nafar falastinlik mahkum qochib ketdi.

Bu haqda Isroilning rasmiy KAN nashri xabar bermoqda.

Xabarga ko’ra, mahkumlar qamoqxona ichidan qazilgan tunnel orqali qochishga muvaffaq bo‘lgan. Qochganlardan biri Jenin shahridagi “Al-Aqso shahidlari brigadasi”ning sobiq rahbari Zakariya az-Zbeydi bo‘lgan. U 2019 yilda Samariyada fuqarolik avtobuslariga qarata o‘q uzgani uchun qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Shuningdek, Islomiy jihod tashkiloti vakili Yoqub Nufeyat, Muhammad Qosim al-Arida, Yoqub Mahmud Qadriy, Eyhem Fuad Kemamji, Mahmud Abdulloh al-Arida ham qamoqxonadan qochishga muvaffaq bo’lgan.

“Gilboa” qamoqxonasi Falastin ma’muriyati bilan chegaradan bir necha kilometr narida joylashgan. 

Ta’kidlanishicha, qochgan olti kishining barchasi bitta kamerada bo‘lgan. Ular kameradan 10 metrlik tunel qazishgan. Mahbuslarning g‘oyib bo‘lgani tungi soat 3:25 da aniqlangan. 

Mahbuslarni qidirish uchun vertolyotlar va dronlar safarbar etilgan. Shuningdek, ko’plab xavfsizlik xodimlari ularni qidirishga jalb etilgan.

Xavfsizlik tizimi qochqinlar Samariyaga kirishga muvaffaq bo‘lgan deb taxmin qilmoqda. Jenin hududidagi yo‘llarda to‘siqlar o‘rnatilgan.

Walla News sayti xabariga ko’ra, qamoqxonadan qochishga muvaffaq bo’lganlarning barchasi umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlardan tashkil topgan.


Tanlangan kalimalar: #Falastin , #qamoqxona , #mahkum , #Isroil

Aloqador xabarlar