Jo Bayden Oq uyda Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o’tkazdi

Uchrashuvda Bayden AQSH Rossiya tajovuziga qarshi Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini ta’minlashga qat’iy sodiqligini ta’kidladi.

1701511
Jo Bayden Oq uyda Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o’tkazdi

 

AQSh Prezidenti Jo Bayden kecha, 1-sentyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Oq uyda muzokara o’tkazdi.

AQSh-Ukraina muzokaralari Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlar tufayli keyinga qoldirilgandi. Uchrashuvda Bayden AQSH Rossiya tajovuziga qarshi Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini ta’minlashga qat’iy sodiqligini ta’kidladi. 

Vladimir Zelenskiy AQSh Prezidentiga taklif uchun minnatdorlik bildirgan va Ukraina, xususan, Donbassdagi muammolar, shuningdek, Rossiya bilan mahbuslar almashinuvi masalalariga to‘xtalgan. 

Jo Bayden bilan suhbatdan keyin Vladimir Zelenskiy qonun chiqaruvchilar — Kongressdagi Ukraina guruhi a’zolari va AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. 

Pentagon rahbari Prezident Zelenskiyni Ukraina mustaqilligining 30 yilligi bilan tabriklagan, shuningdek “Rossiya tajovuziga qarshi” ukrain xalqini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 

AQSh ma’muriyatining yuqori lavozimli amaldorlariga ko‘ra, Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi “AQShning Ukraina suvereniteti, hududiy yaxlitligi va Yevroatlantik intilishlariga sodiqligini” namoyish etish uchun mo‘ljallangan. 

O‘tgan hafta Bayden ma’muriyati Kongressga Kiyevga qo‘shimcha 60 million dollarlik xavfsizlik yordami, shu jumladan harbiy raketalar, Javelin tankga qarshi tizimlari va mudofaa tizimlarini yuborishini ma’lum qilgandi.

Ma’muriyatga ko‘ra, AQSh hukumati bu yil Ukraina sharqidagi Rossiya bilan ziddiyatdan zarar ko‘rgan odamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 45 million dollarlik gumanitar yordam ham taqdim etadi. 

Ta’kidlanishicha, ushbu muloqotda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha boshqa tashabbuslarni ko‘rib chiqish, shuningdek “Shimoliy oqim-2” loyihasi ta’sirini minimallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlar orqali energiya xavfsizligiga investitsiyalarni jalb qilish kabi masalalar muhokama qilingan.

AQSh Energetika vazirligiga ko‘ra, ikki mamlakat rasmiylari energiya va iqlim masalasida hamkorlik qilish niyatida bayonot imzolagan. 

Shuningdek, muzokaralar davomida Ukrainaning NATOga qo‘shilishi masalasi ham muhokama qilingan.

 


Tanlangan kalimalar: #Vladimir Zelenskiy , #Jo Bayden , #Ukraina

Aloqador xabarlar